English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov “O‘zbekneftgaz” AJning tabiiy gaz qazib chiqarish konlarida
14:16 / 2020-11-04

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi ishchi guruh Buxorodagi tabiiy gaz konlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Konlar faoliyatini o‘rganishdan maqsad tabiiy gazni qazib olish va uning zaxirasini kengaytirish, yil yakuniga qadar maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish hamda kelgusi yilda uglevodorodlarni qazib chiqarish hajmlarini oshirishga zamin yaratish uchun amalga oshiriladigan ishlarning holati bilan tanishish va takliflar tayyorlashga qaratilgan.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi yuqori darajadagi delegatsiya birinchi marotaba Gazli mintaqasiga chiqib, olib borilayotgan burg‘ilash jarayoni va uglevodorodlarni qazib chiqarish holati bilan yaqindan tanishib, joylardagi holatni o‘rgandi.

Gazli neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufida jami 32 ta neft, gaz va gaz kondensat konlari mavjud bo‘lib, shundan hozirda 21 ta kondan gaz va gaz kondensat xomashyolari qazib chiqarilmoqda.

Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Buxoro viloyatidan 200 kilometr uzoqlikda, Turkmaniston chegarasida joylashgan “Doyaxotin” va “Savatli” konlarida bo‘lib, olib borilayotgan burg‘ilash ishlari hamda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan yashash hamda ishlash sharoitlarini o‘rgandi.

“Doyaxotin” gaz kondensat koni 1965 yilda ochilgan bo‘lib, jami tabiiy gaz zaxirasi 50 mlrd kub metrdan ortiqni tashkil qilgan. Hozirgi kunda kondagi 52 ta quduqdan gaz va gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.

Tanishuv chog‘ida “Doyaxotin” konida burg‘ilash ishlari davom ettirilayotgan 84-sonli quduq faoliyati bilan tanishib chiqildi. Quduq qurilishi 4 sentyabrda boshlangan bo‘lib, hozirda chuqurligi 1790 metrni tashkil etadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov burg‘ilash uskunasi ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, muhandis-texnik va ishchi-xodimlar bilan suhbatda bo‘ldi va qishning izg‘irinli kunlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va qiyinchiliklar borasida vaziyatni o‘rgandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev esa o‘z navbatida ishchi-xodimlarning samarali mehnatlari natijasida joriy oy yakuniga qadar quduqda mahsuldor qatlam 2000–2100 metr oraliq chuqurlikkacha burg‘ilash ishlari olib borilib, 30 noyabrgacha sanoat miqyosidagi gaz oqimi olish imkoniyati borligini qayd etdi.

Ishchi guruh a’zolari “2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish” dasturi doirasida sinov ishlari olib borilayotgan “Savatli” konining 10-sonli ekspluatatsion quduqqa tashrif buyurdi.

Quduqning amaldagi chuqurligi 2100 metrni tashkil etib, mahsuldor qatlamda sinov-tadqiqot ishlari natijasida sanoat miqyosida olingan gaz oqimi ko‘zdan kechirildi, kunlik debiti 150 ming kub metrgacha kutilayotganligi ma’lum qilindi.

Aytish joizki, “Savatli” gaz kondensat koni 2010 yilda ochilgan bo‘lib, konda chuqur burg‘ilash ishlari natijasida 2014 yilda “Savatli №1” izlov va qidiruv quduqlari burg‘ilangan va sanoat miqyosida gaz olingan bo‘lib, tasdiqlangan gaz zaxirasining hajmi 4 mlrd. kub metrdan ko‘pdir.

Tashrif yakunida ishchi guruh tomonidan Gazli hududida ekspluatatsion quduqlarni burg‘ilash orqali tabiiy gaz qazib olish hajmini ko‘paytirish va shu bilan birga geologiya-qidiruv ishlarini jadal olib borib, uglevodorod zaxiralarini o‘stirish choralarini ko‘rish lozimligi belgilandi.