Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh tik “Ona Vatan” soʻzin aytgali
07:00 / 2019-10-15

Bosh tik “Ona Vatan” soʻzin aytgali

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Tong har kun quyoshni kuzatar koʻkka,

Qanotdir Goʻroʻgʻli shahdi Gʻirkoʻkka,

Nafs ustida Ruhing tursa bas tikka,

Shaxd et, oʻzligingga abad qaytgali.

Shoshil , “Bu – iymon!” soʻzin aytgali.

Navoiydek zotga Xoja Ahror pir,

Oldi Mirbaraka duosin Temur,

Jaloliddin uchun Kubro - toji nur,

Doim ulgur, ey doʻst, tavob etgali

Ulgur, ulgur “Pirim!” soʻzim aytgali.

“Qurʼon” bashar qalbin shaʼriy tobidir,

Injil ham ezgulik fayziyobidir,

Ona - Inson mehr usturlobidir

Sorilma kelar, deb qutlugʻ payt hali,

Boshni tik “Ey Ona!” soʻzin aytgali.

Maktab ostoni ilmlarning asl konidir,

Hayot senga bergan zoʻr imkonidir,

Bolam, sen ketma ilm degan nuqtadan,

Boʻlsin aziz yurting bitta paykali,

Bosh tik “Ona Vatan” soʻzin aytgali!

Yetar bu yurt tortgan hasrat va tutun,

Sinoku manʼ etdi bang-taryok hidin.

Qalbing asra, oʻgʻlon, yon, sevging uchun,

Bir dasta gul qolsin yorga tutgali,

Ulgur, “O muhabbat!”, soʻzin aytgali.

Dehqon don tikishdan kechiksa, soʻz yoʻq,

Oshiq yor kutishdan kechiksa, soʻz yoʻq,

Bomdod kun chiqishdan kechiksa, soʻz yoʻq,

Desang bir intiq soʻz qolsin,

Kechikma, “Yo Olloh” soʻzin aytgali.


Vatan mehri

Parvoz etdim men qushlarga qoʻshilib erkin,

Oq bulutlar peshonamni oʻpdilar silab.

Zamin sehrin shunda qalbga jo etgan edim,

Oq xirmondan har yoqamga tolalar ulab.

Oʻzbekiston, zoʻr tabarruk maʼvolar yurti,

Beruniylar, Xorazmiylar, Kubrolar yurti,

Yetti iqlim maftun boʻlgan navolar yurti,

Vatan birla millatga jon fidolar yurti!

Yangraganda chamanlarda bulbul ovozi,

Gullar abad raqsda bunda, kapalaklar mast.

Sir va Jayxun – onam mehri tutash daryolar,

Qayga bormay, aziz nurlar jonimga payvast.

Oʻzbekiston, zoʻr tabarruk maʼvolar yurti,

Buxoriylar, Fargʻoniylar, Sinolar yurti,

Yetti iqlim maftun boʻlgan navolar yurti,

Bizga mangu ijobatli duolar yurti!

Vatan mehri – xayollarim uzra billur toj,

Vatan mehri – orzularim ramzi bebaho,

Vatan mehri – iqbolimning oltin kaliti,

Vatan mehri – yurt koʻkida charx urgan humo!

Oʻzbekiston, zoʻr tabarruk maʼvolar yurti,

Ulugʻbeklar, Termiziylar, daholar yurti,

Yetti iqlim maftun boʻlgan navolar yurti,

Vatan birla millatga jon fidolar yurti!


Omon MATJON,
Oʻzbekiston xalq shoiri