8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakatimiz davlatchiligi, huquqiy tizimi va jamiyat hayotining mustahkam poydevori bo‘lib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan tarixi, ma’naviy qadriyatlari va milliy o‘zligini o‘zida mujassam etgan huquqiy hujjatdir. Konstitutsiya nafaqat davlat boshqaruvi asoslarini belgilaydi, balki ma’naviy merosni asrash, muhofaza qilish va kelajak avlodlarga yetkazish uchun huquqiy kafolat yaratadi.
O‘ttiz uch yilligi keng nishonlanishi belgilangan Bosh qomusimizning, ayniqsa, ma’naviy merosni muhofaza qilish borasidagi o‘rni va ahamiyati yuksakdir.
Joriy yil 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishga muvofiq, mamlakatimizda Konstitutsiya kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu tadbirlar “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida o‘tkazilib, jamiyatda qonuniylik bilan ma’naviyat uyg‘unligini mustahkamlashga qaratilgan.
Farmoyish asosida respublika bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy va madaniy tadbirlar tashkil etilib, ularda Konstitutsiya normalari, inson qadri, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy merosni asrab-avaylash masalalari keng yoritiladi. Bu esa Bosh qomus qoidalarining hayotimizga chuqur singishi va jamiyat ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladi.
Ma’lumki, 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. Ayniqsa, 2023 yilda umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat va jamiyat hayotida yangi sahifa ochdi. Unda inson huquqlari bilan bir qatorda, ma’naviy merosga oid masalalar ham davlat muhofazasi darajasiga ko‘tarildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida mustahkam belgilab qo‘yildi. Inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash bilan birga, milliy ma’naviyat va ma’naviy merosni saqlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida mazmunan ifodalandi.
Konstitutsiyaning 61-moddasida fuqarolarning tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosni asrab-avaylash majburiyati belgilangani bejiz emas. Chunki ma’naviy meros – millat xotirasi, madaniy ildizlar va milliy o‘zlikning asosidir.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 52-moddasida o‘qituvchilar mehnati jamiyat taraqqiyoti va ma’naviy kamolotning poydevori sifatida e’tirof etildi. Bu esa ma’naviy merosning uzluksizligi aynan ta’lim va tarbiya orqali ta’minlanishini anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ma’naviy merosni davlat va jamiyat uchun strategik qiymat sifatida mustahkamladi. Inson qadrini ulug‘lash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilish orqali adolatli hamda ma’naviy barkamol jamiyat qurish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.
Jamoliddin
RAHMATULLAEV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi.
O‘zA