Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda universitet rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi O. Duysenbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari R.Nurazizov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi K.Tarixov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining o‘rinbosari Ye.Qayipbergenov barchani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi bilan samimiy qutlab, Konstitutsiyaning mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashdagi o‘rni, jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati hamda unda belgilangan asosiy tamoyillarga to‘xtalishdi.
[gallery-26597]
O‘zbekiston Respublikasining jahon siyosiy maydonida mustaqil davlat sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, rivojlanish yo‘lini belgilab, yildan-yilga nufuzi ortib borishi hamda aholi farovonligini ta’minlashda Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati yuqori ekanligi ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar, shuningdek, Bosh Qomusimizning mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rni, qonun ustuvorligi tamoyillarining hayotga izchil tatbiq etilayotgani, jamiyat va davlat boshqaruvida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Ular ayniqsa, yoshlar orasida yuksak huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Bayram tadbirida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi orkestr jamoasining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA