Aks-sado
Butun mamlakatimiz 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini "Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!" degan ulug‘vor shior ostida katta shukuh bilan nishonlamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu qutlug‘ ayyom munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigi, shubhasiz, nafaqat tantanali murojaat, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining huquqiy va siyosiy falsafasini belgilab beruvchi, erishilgan natijalar tahliliga asoslangan, kelajakka yo‘naltirilgan muhim dasturiy hujjatdir. Asosiy qonunimizning har bir moddasi mustaqilligimiz, davlat suverenitetimiz va demokratik o‘zgarishlarning kafolati bo‘lib xizmat qilar ekan, bugungi tahlil mazkur fundamental hujjatning jamiyat hayotidagi o‘rni va uning islohotlar jarayonidagi hal qiluvchi ahamiyatini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladi.
Prezident tabrigida Konstitutsiya, avvalo, ortga qaytmas demokratik islohotlarning hamda xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak ifodasi sifatida ta’kidlandi. Bugungi kunda ko‘pmillatli xalqimizning xohish-irodasi ifodasi bo‘lgan Asosiy qonunimizning qoida va tamoyillari Yangi O‘zbekistonni barpo etishda beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hujjatda xalq hokimiyatchiligi konstitutsiyaviy prinsipining amaliy tasdig‘iga alohida e’tibor qaratilgan. Milliy parlamentimizning vakolatlari kengaytirilgani, ilk marotaba mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qilayotgan viloyat Kengashlarining kuchayishi, shuningdek, mahalla institutining jamiyat boshqaruvidagi nufuzining tobora ortib borayotgani – bularning barchasi xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligini tasdiqlaydi. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2026 yil 1 yanvardan tuman va shaharlarda ham hokim va Kengash raislari vazifalarini alohida ajratish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi – mahalliy darajadagi vakillik demokratiyasini kuchaytirish borasidagi qat’iy siyosiy yo‘nalishning tasdig‘idir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, aholining huquq va manfaatlarini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Islohotlar zamiridagi insonparvarlik va xalqparvarlik tamoyillari o‘z samarasini berayotgani tabrikda aniq raqamlar bilan asoslanadi. Xususan, aholi jon boshiga daromadning 3 ming 500 dollarga yetgani, kambag‘allik darajasining 6,6 foizga tushirilishi va 1 million nafardan ziyod fuqaroning kambag‘allikdan chiqarilishi – davlatning ijtimoiy davlat qurish borasidagi ulkan mas’uliyati va maqsadga muvofiq faoliyati natijasidir. Bundan tashqari, ta’lim sohasida erishilgan natijalar – maktabgacha ta’limda qamrovning 78 foizga, oliy ta’limda esa 42 foizga yetkazilishi mamlakatning inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan jiddiy sa’y-harakatlarini aks ettiradi.
O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlarning ijobiy natijalari xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda. Buning tasdig‘ini Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 19 pog‘ona yuqorilash va Markaziy Osiyoda eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etilish, shuningdek, Global innovatsiya indeksida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha kuchli uchlikdan joy olish kabi yutuqlarda ko‘rish mumkin. "S&P", "Fitch" va "Moodyʼs" kabi nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan suveren kredit reytingining oshirilishi esa mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi va investitsiya jozibadorligi oshayotganidan dalolat beradi. YUNESKO Bosh konferensiyasining so‘nggi 40 yil davomida ilk marotaba Parijdan tashqarida, aynan Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilishi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si va mavqei yuksalganining yorqin dalili bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigi, Konstitutsiya kunini nishonlash bilan bir qatorda, davlat va jamiyat hayotida Asosiy qonunning har bir normasini amaliy faoliyat mezoniga aylantirish zarurligini barcha darajadagi rahbarlar va keng jamoatchilik oldiga eng muhim vazifa qilib qo‘yadi. Bizning umumiy maqsadimiz – yosh avlodni Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgangan holda, yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalashdan iborat.
Faqat Konstitutsiya va qonunlarga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado etish mumkin. Konstitutsiyaning hayotbaxsh kuchi va bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘lishi uchun barchamiz birgalikda, qat’iy va izchil harakat qilishimiz lozim. Konstitutsiyamiz – milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimizning timsoli bo‘lib qolaveradi.
Alovaddin G‘afforov,
O‘zA