O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etishda fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashning huquqiy asosi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, "Adolat" SDP fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Oydin Abdullayeva ishtirok etib, ma’ruza qildi.

Qayd etilganidek, xalqimiz muallifligida qabul qilingan Konstitutsiya matnining qariyb 65 foizi yangilandi. Uning asosiy qismi inson va fuqarolarning huquq hamda erkinliklariga bag‘ishlandi. Xususan, Asosiy qonunda ijtimoiy davlat tamoyilini aks ettiruvchi muhim bo‘g‘inlar – sog‘liqni saqlash va ta’lim kafolatlari mustahkamlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi Konstitutsiyamizning 13-moddasida aniq belgilab qo‘yilgani ta’kidlandi. Yana bir qator moddalarning kundalik hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati xususida so‘z bordi.

Muhokamalarda so‘z olganlar Bosh qomusimiz huquqiy tafakkurning yuksak namunasi ekaniga e’tibor qaratib, uning har bir moddasi jamiyat taraqqiyoti, davlat rivoji, aholi farovonlgini ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA