Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Dastlab barcha tashkilot, korxona va muassasalar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va OAVlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Konstitutsiyaning hayotimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, Bosh qomusimiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, dunyo maydonida esa davlatimizning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida faoliyat yuritishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-20757]
Alohida e’tirof etish kerakki, Konstitutsiya – baxtimiz qomusi, erkinligimiz va barcha huquqlarimiz kafolati, orzu-umidlarimiz ifodasidir.
2023 yilda Bosh qomusimizning referendum orqali xalqimizning takliflari asosida yangi tahrirda qabul qilingani, albatta, mamlakatimiz huquqiy hayotida yangi bosqichni boshlab bergan muhim voqelik bo‘ldi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan tamoyil muhrlanib, davlatning bu sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 baravarga oshdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Tantanali marosimda Vatanni, ona yurtni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqs va sahna ko‘rinishlari ijro etildi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari viloyatning barcha tuman va shaharlarida, tashkilot va korxonalarida keng nishonlanmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari