Davlatimiz rahbari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha berilgan dolzarb vazifalar ijrosidan kelib chiqib, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev shu kunlarda Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi.
Viloyatning shahar va tumanlari kesimida kriminogen vaziyat bevosita o‘rganilib, mas’ul tuzilmalar mutasaddilari jalb etilgani holda har bir huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan omillar, sabab va sharoitlarni tahlil qilinmoqda.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Furqat tumanida bo‘lib, hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan ishlar hamda fosh etilmagan jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv va tergov tadbirlari holati bilan yaqindan tanishdi.
Fosh etilmagan jinoyatlar bo‘yicha yuritilgan ishlar o‘rganilib, tanqidiy muhokama qilindi hamda ular yuzasidan tegishli tergov va tezkor-qidiruv tadbirlarini tashkil etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash va jinoyatlarni fosh etish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Mas’ullarga ushbu sohaga butunlay boshqacha nigoh va mas’uliyat bilan yondashish, tadbirlarni “mahallabay” tashkil etish, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar toifasini aniq belgilab, har bir shaxs bilan individual tarzda ish olib borish hamda bu boradagi amaliy ishlarni jadallashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Ma’lumki, jinoyat yoki huquqbuzarliklarga zudlik bilan tezkor choralarni ko‘rish, uning og‘ir oqibatlari oldini olish va jinoyatlarni fosh etishda zamonaviy raqamli kuzatuv moslamalarining o‘rni juda muhim. Dang‘ara tumanida ko‘chalar, turar-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga 450 dan ziyod yangi kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev Dang‘ara tumanida sektor rahbarlari bilan uchrashib, hududda jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan ishlarni o‘rganish jarayonida ehtiyot qismlar savdosiga ixtisoslashgan “Baraka” savdo majmuasi hududini video-kuzatuv moslamalari bilan jihozlanganlik holati bilan yaqindan tanishdi.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari tomonidan jinoyat sodir etilishi ehtimoli bo‘lgan hududlarga, ko‘chalarga, aholi gavjum joylarga video-kuzatuv moslamalari o‘rnatish ishlarini jadallashtirish, bunda kirish-chiqish hududlarini to‘liq qamrab olinishiga e’tibor qaratish, ularni markazlashgan kuzatuv xonalari bilan bog‘lash choralarini ko‘rish topshirildi.
Shuningdek, tumandagi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, shu jumladan, sportga jalb etish yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
M. Sulaymonov, O‘zA