O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning xalqimizga murojaati e’lon qilindi. Unda Prezidentimiz tomonidan qonunlar qog‘ozda emas, amalda qat’iy bajarilishi, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib borishi, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini kundalik hayotida doimo his qilishi zarurligiga e’tibor qaratilayotgani qayd etilgan.
Murojaatdagi ayrim muhim jihatlarni e’tiboringizga havola qilamiz:
– Xalqimizga yanada yaqin bo‘lib, mamlakatimizda qonun va adolat ustuvorligini, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘ladi;
– Joylarda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish, muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi prokuratura organlarining doimiy e’tiborida bo‘lib qoladi;
– Mahallalar darajasiga tushib, yuzaga kelayotgan muammolarni mahalla ahli bilan bamaslahat va birgalikda hal qilamiz;
– Asosiy e’tiborni jinoyatning oqibatiga qarshi kurashishga emas, avvalo, uni keltirib chiqarayotgan omillar va sabablarga barham berishga qaratamiz;
– Davlat idoralarida korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun vazirlik va idoralarning ichki nazorat tuzilmalari ishi yanada kuchaytiriladi, soha va tarmoqlar faoliyatini raqamlashtirishga doir vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olinadi;
– Eng muhimi, bu yo‘nalishdagi har bir xabar va ma’lumotlar tezkorlik bilan o‘rganilib, keskin choralar ko‘rib boriladi;
– Bu borada nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytiramiz;
– Biz mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar talabidan kelib chiqqan holda, barcha darajadagi prokuratura organlari faoliyatini tanqidiy-tahliliy baholab, aniqlangan muammolarni tezkor hal etib borishni tizimli asosda yo‘lga qo‘yamiz;
– Ana shu g‘oyat muhim va dolzarb vazifalarni samarali amalga oshirish va sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda Bosh prokuror sifatida men butun mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmamga olaman;
– Prokuratura idoralari “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda qonuniylikni ta’minlashda birinchi navbatda xalqimizning qo‘llab-quvvatlashiga tayanadi.
– Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga kamarbasta bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
N.Abduraimova tayyorladi, O‘zA