O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 avgustdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi “Abdurahmon Jomiy” mahallasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mahalladagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yig‘ilish o‘tkazildi. Ma’lum qilinishicha, mazkur mahalla “qizil” toifaga kiruvchi hudud sifatida belgilangan, ya’ni jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan makon hisoblanadi.

Bosh prokuror o‘rinbosari mahallada amalga oshirilayotgan islohotlar va barqarorlik choralari bilan tanishdi. U zamonaviy infratuzilmalar, ta’mirlangan yo‘llar, yangilangan bolalar maydonchalari va aholi uchun qulaylik yaratilgan joylarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, mahalla faollari va aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazildi, ularning fikr va takliflari tinglanib, masalalar yuzasidan o‘z vaqtida javoblar berildi.


Tashrif yakunida Bahriddin Valiyev amalga oshirilgan ishlar samaradorligini ijobiy baholadi va jinoyatchilikni kamaytirish, aholi huquqiy ongini oshirish hamda profilaktik tadbirlarni muntazam davom ettirish zarurligini ta’kidladi. U, shuningdek, mahallada ijtimoiy faollikni kuchaytirish va yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ahamiyatini alohida qayd etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA