Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuror nega qamalgandi?
12:00 / 2023-10-28

Qatag‘on qurbonlari

O‘tgan asr boshidagi Oktyabr to‘ntarishi oqibatida Turkistonda zo‘rlik bilan o‘rnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab shu zaminda yashayotgan xalqlar boshiga son-sanoqsiz qirg‘inlar, dahshatli va alamli kulfatlar olib keldi. Bu dahshatli tuzimni mahalliy xalqlar qabul qila olmadi. Turkiston zaminining ilg‘or vakillari istiqlol uchun, erk va milliy ozodlik uchun kurash olib bordi.  

–Turli manbalarda ta’kidlanishicha, ushbu kurash davomida ikki imperiya, ya’ni chor Rossiyasi va sovet hokimiyati davridagi tazyiqlar tufayli 1,5 million nafardan ziyod turkistonlik Vatandan bosh olib, xorijiy mamlakatlarga chiqib ketdi, 1 million nafardan ortiq yurtdoshimiz Sibirga, Ukrainaga, Shimoliy Kavkazga, Uralga, Qozog‘istonga, Uzoq Sharqqa, Kavkazga, Volgabo‘yi rayonlariga badarg‘a qilingan, – deydi Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, professor Rustambek Shamsutdinov. – Ayniqsa, 1937-1938 yillarda o‘ta mudhish voqealar yuz berdi. Xususan, 1937 yilning 10 avgustidan 1938 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonda o‘n ming yetti yuz kishi qamoqqa olingan. Bulardan uch ming olti yuzdan ortig‘i otildi, yetti ming nafardan ziyod kishi sakkiz-o‘n yil muddatga qamaldi.

[gallery-14265]

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida sovet saltanatining olib borgan qatag‘on siyosati, uning fojiali oqibatlari huquqni himoya qilish organlari xodimlarini ham chetlab o‘tmagan. O‘zbekiston huquqni himoya qilish organlarida turli rahbarlik vazifalarida, keyinchalik O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimida ishlagan Shamsiddin Badriddinov ham qatag‘on davrining tayziqlariga uchrab,  qamalgan insonlardan biri edi.  

O‘zbekistonda prokuratura va sud tizimida faoliyat ko‘rsatgan va sovetlar tomonidan qatag‘on qilingan insonlar, ularning fojeali taqdirlari chuqur o‘rganilmagan, o‘rganish va tadqiqot ishlari zarur darajada olib borilmagan edi.

Ana shundan kelib chiqib, Prezidentimizning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev tashabbusi bilan huquq-tartibot idoralarida ishlab, Vatanimiz istiqloli, xalqimiz ozodligi yo‘lida mardona kurash olib borib, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan prokuratura organlari xodimlari xotirasini abadiylashtirish, ularning hayot yo‘llari va faoliyatini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar e’tiboriga asosli hamda to‘laqonli yetkazish maqsadida qatag‘on qilingan shaxslarga oid arxiv hujjatlari, ularning taqdirini o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tuzildi, Respublika Ishchi guruhi tuzildi. Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni olib borish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Jumladan, Ishchi guruhining Andijon viloyati bo‘yicha soha xodimlari, olimlar va tadqiqotchilardan iborat tarkibi tasdiqlandi.  

O‘tgan davr mobaynida Ishchi guruh tomonidan e’tiborga molik ishlar olib borildi. Xususan, qatag‘on siyosatining qurbonlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston SSR Bosh prokurori vazifasida ishlagan Shamsiddin Badriddinov faoliyati, taqdiriga oid arxiv hujjatlari o‘rganildi, uning avlodlari bilan suhbatlar o‘tkazilib, juda ko‘p ma’lumotlar yig‘ildi. Ana shu ma’lumotlar asosida professor Rustambek Shamsutdinov hamda tarix fanlari nomzodi, dotsent O‘ktambek Ubaydullayev tomonidan maqola tayyorlanib, keng jamoatchilikka yetkazildi.  

1932 yil may-iyun oylarida O‘zbekistondagi bir guruh prokuratura va sud xodimlari ustidan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Sudlanganlardan biri 1921-1922 yillarda Andijon militsiyasi boshlig‘i, 1927 yilga qadar Farg‘ona okrugi sudi a’zosi, 1927-1929 yillarda Farg‘ona okrugi sudi raisi o‘rinbosari, 1929 yili fevralidan Farg‘ona okrugi prokurori, 1929 yil noyabrdan 1932 yil iyungacha O‘zbekiston SSR bosh prokurori vazifasida ishlagan Shamsiddin Badriddinov edi.

Shamsiddin Badriddinov o‘zi kim edi? U 1900 yili Qozon guberniyasi Tuntyor qishlog‘ida tavallud topgan. Amakisi Vayfining yordami bilan o‘n uch yoshida Andijonga ishlash uchun keladi. Arxivdagi tergov hujjatlarida bu haqda uning o‘zi shunday ko‘rsatma bergan: “1913 yilda qiyinchilik bilan Andijonga keldim. Andijon paxta tozalash zavodida ishlayotgan Hasanov meni xo‘jayini Ahmadbek hoji Temirbekovni ko‘ndirib, ishga oldi. U yerda 1917 yilga qadar ishladim”.  

Inqilobdan keyin Shamsiddin Badriddinov Farg‘onadagi harbiy-siyosiy maktabda o‘qiydi, qizil armiyaning Marg‘ilondagi 18-piyoda askarlar polkida xizmat qilgan.  

Toshkentda 1932 yil 5 may – 15 iyun kunlari SSSR Oliy sudi jinoyat-sudlov kollegiyasining sayyor sud majlislari bo‘lib o‘tadi. Vladimir Antonov-Saratovskiy raisligidagi “Badriddinovchilar ishi”da Shamsiddin Badriddinov bilan birga, Andijon okrugida, so‘ng Qo‘qon shahrining 2-uchastkasida tergovchi, hibsga olingunga qadar qishloq xo‘jalik bankida katta inspektor vazifasida ishlagan Abdurahmon Rahmonov, Rishton tumani sudyasi vazifasida, qamoqqa olingunga qadar qishloq xo‘jalik banki katta nazoratchi lavozimida ishlagan Muhitdin Sadixonov, Qo‘qon shahrida tergovchi lavozimida ishlayotgan Ibrohimjon Musaxonov, 1930 yildan Farg‘ona okrug sudida katta tergovchi lavozimida xizmat qilgan Muhammadxon Xo‘jayev, 1927 yildan O‘zbekiston davlat nashriyotining Samarqand viloyati bo‘limiga rahbarlik qilib kelgan Mahmudxon Ahmadjonovga qo‘yilgan ayblovlar ko‘rib chiqildi.  

Shamsiddin Badriddinov va uning sheriklariga “burjua-millatchilari” sifatida akslinqilobchilar bilan hamkorlik qilganlik, “bosmachilar”ni qo‘llab-quvvatlaganlik, ularga qurol yetkazib berganlik va boshqa siyosiy ayblovlar qo‘yilgan edi.  

Sudning 39 ta yig‘ilishi o‘tkazilgan (sud yig‘ilishi bayonlari arxivda saqlangan) sud jarayonlari “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932 yil 6 maydan 16 iyulgacha bo‘lgan qator sonlarida “Badriddinovchilar sudi” rukni ostida yoritib borilgan.

Sh.Badriddinov ayblovlarni inkor etib, SSSR bosh prokuroriga, turli tashkilotlarga ariza yozadi. Lekin uning arizasiga hech qanday e’tibor qaratilmagan.  

Arxiv hujjatlarida SSSR Oliy sudi sayyor kollegiyasining hukmi bilan sudlanuvchilar aybdor, deb topilganligi,ularga turli yillarga qamoq jazosi tayinlanganligi qayd etilgan. Jumladan, sud hukmi bilan Muhitdin Sadixonov 2 yil, Ibrohimjon Musaxonov 3 yil, Muhammadjon Xo‘jayev 10 yil, Abdurahmon Rahmonov 10 yil, Mahmudxon Ahmadjonov 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.  

Shamsiddin Badriddinovga esa otuv hukmi tayinlandi, lekin ijtimoiy himoya chorasi yuzasidan sud Badriddinovga berilgan otuv hukmini 10 yil qamoq jazosi bilan almashtiradi.

Sud hukmidan so‘ng mahkumlar uzoq o‘lkalarga, mahbuslar lagerlariga yuborilgan. Ularning aksariyati o‘ta og‘ir sharoitdagi majburiy mehnatdan xastalikka chalingan, ba’zilari o‘sha begona yurtlarda vafot etgan, qaytib kelganlari ham uzoq yashamagan.

Otuv hukmi bekor qilinib, 10 yilga qamalgan Sh. Badriddinov dastlab Sibirdagi mahbuslar lageriga yuborilgan, bir yildan so‘ng Kaluga shahridagi lagerga o‘tkaziladi. U qamoq jazosini o‘tab, Andijonga kaytgach, Andijon oblast matlubot uyushmasida yuristlik vazifasida ishladi. Biroq og‘ir xastalikdan 1942 yil 10 fevralda kasalxonada vafot etadi va Andijon shahridagi “Oqgo‘r” qabristoniga dafn etiladi.  

<iframe width="887" height="499" src="https://www.youtube.com/embed/ZYd8nDGpWgQ" title="Бош прокурор нега қамалганди?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari