Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Dolzarb 90 kun” doirasida turli madaniy va sport tadbirlari, tanlov va musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, poytaxtimizdagi "Yangi Umid" mahallasida joylashgan sport markazida kurash bo‘yicha "Bosh prokuror kubogi” musobaqasining Yangihayot tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
– Bugun jami 9 ta vazn toifasi bo‘yicha 30 dan ortiq kurashchilarimiz bellashdi, – dedi Yangihayot tumani prokurori o‘rinbosari Azizjon Xolmatov. – Bu yilgi kurash musobaqasining o‘ziga xos tomoni shunda bo‘ldiki, bunda xotin-qizlarimiz ham faol ishtirok etmoqda.

Unda sportchi o‘g‘il-qizlar o‘z vazn toifalarida shahar bosqichi yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi. Faxrli o‘rinlarni egallagan sportchilar munosib taqdirlandi.
Shuningdek, Yashnobod tumanida ham musobaqa tashkil etildi.

Unda 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklar 66, 73, 81, 90, +90 kg. va ayollar 57, 63, 70, +70 kg. vazn toifalari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. G‘oliblar taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA