English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuraturadagi bugungi katta yig‘ilish qanday o‘tdi?
19:58 / 2020-11-07

bugungi idoralararo komissiya yig‘ilishida tom ma’noda, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash tizimida mutlaqo shaffof bo‘lgan yangicha jarayon amalga oshirilayotgani o‘z isbotini topdi desak mubolag‘a bo‘lmas.

Shubhasiz davlatimiz rivoji uchun doimiy to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiya illati, turli sohalardagi maqsadi boylik orttirish bo‘lgan katta-kichik rahbarlarni, lavozimiga noloyiq bo‘lgan bir qancha amaldorlarni shuningdek o‘z manfaatini davlat manfaatidan ustun deb hisoblaydiganlarni o‘z domiga tortib kelayapti.

Bugun ochiq va oshkora ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda, korrupsiyaga mukkasidan ketib, shaxsiy boylik orttirishni maqsad qilgan ijtimoiy-iqtisodiy soha xodimlari va rahbarlaridan tortib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ham ayrim rahbar-xodimlari korrupsiyaga qo‘l urganligi haqida hech nimani yashirib o‘tirmay, jurnalistlar va blogerlar qarshisida muhokama etildi.

Yig‘ilish yakunida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi J.Shirinov va boshqa mutasaddilar o‘tkazilgan tadbir natijalari bo‘yicha axborot berdilar.

Bosh prokuror o‘z axborotida, bugungi yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalarga alohida to‘xtaldi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, birinchidan, Hukumat, vazirlik va idoralar rahbarlari va hokimlarning e’tiborini korrupsiyaga duchor bo‘lgan sohalarga, korrupsiyani keltirib chiqarayotgan sabab va shart - sharoitlarga qaratish edi.

Shu sababli yig‘ilishda qaysi soha yoki yo‘nalishda suiiste’molchilik va tamagirlik ko‘p uchrayotganligi, buning sabablari va shart - sharoitlariga alohida to‘xtalib, bosh qotirish va yechim topish zarur bo‘lgan dolzarb masalalar o‘rtaga tashlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishdagi dolzarb masalalar, xususan, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, nazorat-tekshiruv idoralari faoliyatini jadallashtirish, yuridik xizmat va ichki nazorat tizimini kuchaytirish bo‘yicha Hukumat a’zolariga takliflar berildi.

Ikkinchidan, “qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi” tamoyili asosida barcha rahbarlar yana bir bor sergaklikka va ogohlikka chaqirildi.

Korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan xodimga, u qaysi lavozimida bo‘lishidan qat’i nazar jazo choralari ko‘riladi, buni davlat xizmatida ishlayotgan har bir xodim yaxshi tushunib olishi kerakligi ta’kidlandi.

Shu boisdan, tadbirda kadrlar bilan ishlash, ularda korrupsiyaga murosasizlikni shakllantirish bo‘yicha vazifalar ham belgilab olindi.

Uchinchidan, ushbu yig‘ilishga tegishli mutasaddilar qatori ommaviy axborot vositalari, blogerlar va jamoatchilik vakillari ham taklif qilindi.

Bu bilan yurt taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan, islohotlarga soya tashlayotgan omillar haqida, avvalo xalqimizni, keng jamoatchilikni xabardor qilish, qolaversa, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, Bosh prokuror jurnalist va blogerlardan bu masalada yanada faol bo‘lishni so‘rab murojaat qildi.

Umuman, mazkur yig‘ilishda eng muhim sohalarda, vazirlik va idoralarda yuz berayotgan korrupsiyaviy holatlar, ularni keltirib chiqarayotgan omillar va bartaraf qilish chora-tadbirlari haqida ochiq-oydin gaplashib olindi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugungi tadbir, qabul qilinadigan chora - tadbirlar va chiqariladigan xulosalar – jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiya illatiga barham berish, bu borada o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shuhrat Ne’matov, O‘zA