Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuraturada O‘zbek tili bayrami nishonlandi
18:37 / 2025-10-18

Xalqning o‘zligini namoyon etuvchi qadriyatlaridan biri – bu uning milliy tilidir. Shu bois, har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash maqsadida, avvalo, o‘z ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiy.

Bosh prokuraturada “Til yashasa, millat yashaydi” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda shu haqda fikr yuritildi.  

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan ushbu tantanali tadbirda prokuratura organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda parlament a’zolari, Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rahbarlari, O‘zbekiston xalq shoirlari Mahmud Toir, Iqbol Mirzo, taniqli san’atkorlar Yodgor Sa’diyev, Lola Eltoyeva, Behzod Muhammadkarimov, Zuhra Ashurova va boshqalar qatnashdi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan barchani muborakbod etdi hamda yurtimizda davlat tiliga berilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan muhim islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida chinakam yangi davr boshlangani, yosh avlodni tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.  

Davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlashda prokuratura organlari xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish, avvalo, tizimning o‘zida davlat tiliga yuksak e’tibor va hurmat ruhini shakllantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.  

Jumladan, prokurorlar imzolaydigan har qanday hujjat davlat tilining ustuvor qoidalariga to‘liq mos kelishi, har bir xodim davlat tilida yozma va og‘zaki tarzda o‘z fikrini to‘g‘ri ifodalay olish mahoratini egallashi, ona tilimizni har qanday tajovuzdan, qonun buzilishidan himoyalash prokuratura xodimlarining kundalik ishining bir qismiga aylanishi shartligi uqtirildi.

Tadbirda so‘z olganlar davlat tilining o‘rni va ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Bayram munosabati bilan barchani tabriklab, tegishli tavsiya va takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Bayram munosabati bilan prokuratura xodimlari o‘rtasida tahliliy ish, savodxonlik va she’riyat yo‘nalishlarida o‘tkazilgan tanlov g‘olib va sovrindorlari diplom va sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

N.Abduraimova,

O‘zA