Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Bosh prokuratura va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrida navbatdagi o‘rganishlar amalga oshirildi.
Unda poytaxtimizda energiyadan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan, yirik iste’molchilarning faoliyati tahlil qilindi. Belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning bajarilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, yirik iste’molchilar hisoblangan Chilonzor tumanidagi “Class tex production”, “Atlas invest”, Uchtepa tumanidagi “Milk house”, “Fayz shirin qandolat”, Bektemir tumanidagi “Sunlight group” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, Mirobod tumanidagi “Toshelektroapparat” aksiyadorlik jamiyati va boshqa yirik iste’molchi korxonalar faoliyatida energiya resurslarini iqtisod qilish imkoniyati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

O‘rganish davomida ushbu korxonalarda ortiqcha iste’molga sabab bo‘layotgan omillar, ya’ni iste’molga mos ravishda quyosh panellari o‘rnatilmagani, balansida mavjud transformator va tarmoqlarning ta’mirlanmagani va tejamkor bo‘lmagan gaz uskunasidan foydalanib kelinayotgani aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, yirik iste’molchilar tomonidan resurslarni talon-toroj qilishning huquqiy oqibatlari aytib o‘tildi. Energiyadan oqilona foydalanishning afzalliklari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
O‘rganishlar davom etmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA