English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: turizmdagi og‘riqli nuqta yoxud mas’ullar loqaydligi fosh etildi
13:21 / 2023-12-13

Prokuratura organlari tomonidan turizm sohasiga oid qonunchilik ijrosi ustidan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlash joizki, turizm rivojida zamon talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari (SGSH), ya’ni jamoat hojatxonalari muhim o‘rin egallaydi.  

Mamlakatimizda 25 milliondan ziyod xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun me’yorga asosan o‘rtacha 12,5 mingta SGSHga ehtiyoj mavjud.  

Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida 2019-2021 yillarda SGSHlar qurish uchun yer uchastkalari auksionsiz berilgan.  

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu imtiyozdan ayrim tadbirkorlar umuman foydalanmagan bo‘lsa, ayrimlari “uddaburonlik” bilan foydalangan.  

O‘rganishlar ushbu tartibga asosan hokimliklar tomonidan 485 ta yoki har to‘rtta murojaatdan uchtasiga yer uchastkalari ajratilmaganligini ko‘rsatgan.  

Ajratilganlarida esa SGSHlar qurilishi, ishga tushirilishi o‘rganilmagan yoki mas’ullar tomonidan bu borada noqonuniy qarorlar qabul qilingan.  

Yoki, SGSH uchun ajratilgan 41 ta yer maydonida savdo, maishiy xizmat va ovqatlanish maskanlari qurilib, ularga egalik huquqi noqonuniy rasmiylashtirib berilgan.  

Jumladan, Samarqand shahri va Mirobod tumanida 1 tadan, Angrenda 2 ta, Uchtepa va Parkentda 3 tadan, Olmaliq shahri, Guliston va Oqoltinda 4 tadan, Mirzaobodda 8 ta va Sardobada 11 ta shunday holat aniqlangan.  

Shu jumladan, yer uchastkalari o‘lchamiga (80-100 metr kub) qo‘yilgan talablar ham qo‘pol ravishda buzilgan.  

Masalan, hojatxona uchun Mirzaobodda “M.T.” fermer xo‘jaligi va fuqaro S.K.ga 1 gektardan, fuqarolar S.X. va B.J.ga 0,8 gektardan yer maydoni ajratib berilgan.  

Aniqlangan holatlar yuzasidan kadastr va qurilish bo‘limlari mas’ullariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.  

N.Abduraimova, O‘zA