Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: tezkor-qidiruv sohasida nazorat kuchaytirildi, 4 ming 701 jinoyat fosh etildi
15:27 / 2024-06-06

Prokuratura organlari tomonidan jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularning bartaraf etilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rish bo‘yicha izchil ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada Bosh prokurorning aholiga yo‘llagan murojaatida ham qayd etilgan.

Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov quyidagilarni ma’lum qildi: 

– Prokurorlar sektorlaridagi «Temir daftar»ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oilaga har tomonlama ko‘mak berilmoqda. «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 243 ming 456 nafar xotin-qizlar va 23 ming 234 nafar yoshlarning huquqlarini himoya qilishga doir ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 2 mingdan ziyod yoshlarning ish bilan ta’minlanishida, 628 nafarining tadbirkorlikka jalb etilishida, 3 ming 329 nafarini o‘zini o‘zi band qilishida, qariyb 3 ming nafarining kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish kurslarida o‘qishida ko‘maklashildi.

Aholi bandligini ta’minlash sohasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 337 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. 34 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 1 ming 283 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.

O‘rganishlarda 31 ming 87 yangi ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlanib, aybdor shaxslar tegishli tartibda javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, 174 nafar ishchi-xizmatchilarning kechiktirilgan 510 million so‘m ish haqi undirib berildi.

Prokurorlar tashabbusi bilan 276 marotaba mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 3 ming 623 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.

Ta’lim, tibbiyot va kommunal xizmat sohalaridagi o‘z yechimini topmagan masalalarning sabablarini aniqlab, ularni hal etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda. Xususan, endokrinologiya kasalliklarini erta aniqlash hamda davolashda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashga doir tadbirlar amalga oshirildi. Taqdim etilgan hisobotlarda 2023 yilda 40 yoshdan oshgan aholining 98,5 foizi qandli diabet uchun skriningdan o‘tkazilgani qayd etilgan. Biroq 670 ming nafar fuqarodan 69 ming nafari amalda umuman skriningdan o‘tkazilmagani aniqlandi.

Qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Shu bilan birga, qandli diabet bo‘yicha 388 nafar fuqaroga nogironlik guruhi tayinlanishi, 7 ming 650 nafar 40 yoshdan oshgan fuqaro qayta skriningdan o‘tkazilishi ta’minlandi.  

Aholining kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorligini undirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Chunki ushbu sohadagi boshqaruv tashkilotlarining debitor qarzdorligi joriy yilning 1 yanvar holatiga 561,8 milliard so‘mni tashkil etgan.

O‘tkazilgan xatlov jarayonida 550 mingga yaqin mulkdorga majburiy to‘lovni to‘lab berish yuzasidan talabnoma yuborildi. 270 milliard so‘m qarzdorliklarni undirish bo‘yicha sudlarga arizalar kiritildi. Natijada 268,5 milliard so‘m qarzdorlik undirildi.

Issiqlik ta’minoti korxonalarining xatlovda aniqlangan 271,8 milliard so‘m debitor qarzdorligining 168,9 milliard so‘mi undirildi. Sudlarga 85,4 milliard so‘mlik arizalar kiritildi.

Tadbirkorlar, shu jumladan, xorijiy investorlarning 4 mingdan ziyodiga «Tez yordam» tamoyili asosida amaliy yordam ko‘rsatildi. Ularga kredit olish, yer maydoni, bino ajratilishi, ruxsatnoma va litsenziya berilishi, muhandislik tizimiga ulanishida amaliy ko‘mak berildi.

Natijada faoliyat ko‘rsatmayotgan 2 ming 412 tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qayta tiklanishi hisobiga 2 mingdan ortiq ish o‘rni yo‘qotilishining oldi olindi.

Tadbirkorlar bilan 7 mingdan ziyod ochiq muloqot o‘tkazilib, 5 mingdan ziyod murojaatlar hal etildi. 2 ming 63 holatda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘siqlar aniqlanib, bartaraf etildi. 1,5 mingdan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqi tiklandi.

Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 6 mingdan ziyod inshootda 7 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarni o‘rganish natijasida smeta hujjatlaridagi 881,8 milliard so‘m mablag‘ maqbullashtirilishi orqali byudjet mablag‘i tejalishiga erishildi.  

Shu bilan birga, qurilish sifati va mablag‘lardan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratilib, 22,5 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar va 15,8 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida bartaraf etildi.  

Nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 250 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 174 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklanishi ta’minlandi. Shuningdek, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 39 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 20 milliard so‘m zarar undirildi.

Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ko‘rilgan choralar natijasida mahallalarning 6 ming 403 tasida jinoyat qayd etilmadi. 2 ming 429 tasida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishildi.

Tezkor-qidiruv sohasida ham nazorat kuchaytirilib, noaniq sharoitlarda sodir etilgan 4 ming 701 jinoyat fosh etilishi hamda qidiruvda bo‘lgan 2 ming 653 nafar shaxsning ushlanishi ta’minlandi.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovda qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash choralari doirasida surishtiruv va tergov organlarining 22 ming 899 nafar shaxsga nisbatan 18 ming 212 jinoyat ishi o‘rganilib, sudlarga yuborildi.

Bevosita prokuratura organlari tomonidan 4 ming 758 jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov o‘tkazilib, 4 ming 211 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 771 ta jinoyat ishi sudlarga yuborildi. Jinoyat oqibatida yetkazilgan 1,2 trillion so‘mlik zarar undirildi.

Raqamli texnologiyalarni joriy etish ishlari muntazam takomillashtirilmoqda. Xususan, «Elektronhukumat» dasturi doirasida 32 vazirlik va idoraning 100 dan ortiq axborot tizimi Bosh prokuraturaning axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.  

Jumladan, IIVning avtotransport vositalari, haydovchilik guvohnomalari to‘g‘risidagi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining bo‘sh turgan ob’ektlar to‘g‘risidagi hamda Soliq qo‘mitasining soliq organlarida hisobga olingan ko‘chmas mulk va ijara shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumot bazalari integratsiya qilinib, ulardagi ma’lumotlarni onlayn olish imkoniyati yaratildi.

Ochiqlikni ta’minlash hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish sohasida 50 ming 802 tadbir tashkil etildi, shundan 15 ming 546 tasi ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirildi. Bosh prokuratura rasmiy sahifalarida keng jamoatchilik uchun qiziqarli bo‘lgan 4 mingga yaqin tezkor xabarlar, axborotlar e’lon qilindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA