Prokuratura organlari tomonidan tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlarning birida Urgut tumani Mingtepa mahallasida joylashgan “To‘lqirtepa-1” arxeologiya yodgorligining 163 m3 hajmdagi yer maydoni maxsus texnika yordamida kovlab olinib, tarixiy ob’ektga juda ko‘p miqdorda, ya’ni 4 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.
Shuningdek, ushbu tumanning Quyiqishloq mahallasida joylashgan o‘rta asrlarga oid “Teshiktepa”, Dehqonobod mahallasidagi “Qulqishloqtepa-2” va Ogahiy mahallasidagi “Mozortepa” arxeologiya ob’ektlari qisman buzilishi oqibatida ularga jami 5 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Ushbu holatlar bo‘yicha tekshirishlar natijasiga ko‘ra, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Bundan oldin Denov tumanida juda qadimiy bo‘lgan “Markaztepa” arxeologiya yodgorligiga 13 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani bo‘yicha mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Tarixiy yodgorliklar muhofazasiga qaratilgan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA