Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: tanqidiy materiallarni o‘rganish natijasida 29 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
12:28 / 2023-07-26

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, 2023 yil 6 oy davomida prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Jamoatchilik nazorati mexanizmlarini ro‘yobga chiqarish va prokuratura organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha salomoqli ishlar qilingan.  

Jumladan, prokurorlar tomonidan xalq deputatlari Kengashlariga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga jinoyatchilik holati va qonuniylik ahvoli to‘g‘risida 309 axborot berildi. Parlamentga 9 marotaba axborot taqdim etildi.  

– Ko‘rilgan choralar, shu jumladan, davlat organlarining huquqiy hujjatlarini tizimli ravishda o‘rganish natijasida 91 mingdan ziyod prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi, – dedi H.Shamsuddinov. – 26 mingga yaqin qonunga zid hujjatga protest keltirildi, qonunbuzilishi sabablarini bartaraf etish borasida tegishli idoralarga 14 ming taqdimnoma kiritildi. 640 milliard  so‘m zararni undirish haqida sudlarga 15 mingdan ortiq ariza kiritildi. 225 ming nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.  

Prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshirishda qonuniylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, prokuratura organlari tomonidan 8 ming 351 jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazilgan. Shundan 6 ming 20 nafar shaxsga nisbatan 3 ming 713  jinoyat ishi sudga yuborilgan.  

34 ming jinoyat, 6 ming fuqarolik va iqtisodiy hamda 5 ming ma’muriy ishlarning sudlarda ko‘rilishida prokuror ishtiroki ta’minlandi. Prokurorlar protesti asosida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning 1 ming 338  nafar shaxsga nisbatan qarorlari, shuningdek, fuqarolik sudlarining 127, iqtisodiy sudlarning 79 va ma’muriy sudlarning 240 qarori qonunga muvofiqlashtirildi. Prokurorlar tashabbusi bilan 12  nafar shaxs oqlandi.  

Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish jarayonida 1 ming 984 nafar mansabdor shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. 927 noqonuniy hujjatga protest keltirildi. 19 ming 316 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.  

Prokurorlar tomonidan 17 mingdan ortiq tadbirkorga kredit va litsenziya hujjatlarini rasmiylashtirishda, yer maydoni va bino ajratilishida, muxandislik tarmoqlariga ulanishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.  

Hamkorlikda ko‘rilgan choralar natijasida 4 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi, 3 mingdan ziyodining faoliyati tiklandi.  

Voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining oldini olish, ularning huquqiy himoyasini ta’minlash va ma’naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish maqsadida 11 mingdan ziyod prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi. 24 mingga yaqin voyaga yetmagan shaxsning buzilgan huquqi tiklandi. 9,5 mingga yaqin shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi.  

Joriy yilda qurilish sohasida nazoratni amalga oshirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jamoatchilik nazorati davomida aniqlangan kamchiliklar va qonunbuzilishi holatlari haqida foto va video materiallar bilan xabar yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” mobil ilovasi ishga tushirildi.  

Barcha qurilish jarayonini raqamlashtirish maqsadida “Qurilishda davlat nazorati” axborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, u orqali Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasining nazorat funksiyalari raqamlashtirildi.  

Murojaatlarni muddatida, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishini hamda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlashga qaratilgan nazorat tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha noqonuniy hujjatlarga 310 protest keltirildi. Qonunbuzilishlarini bartaraf etish haqida 103 taqdimnoma, 11 milliard so‘m zararni undirish haqida sudlarga 299 ariza kiritildi.  

Natijada 405 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 207 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

Bevosita prokuratura organlari tomonidan 126 ming 891  murojaat hal etildi. Fuqarolarning qabuliga, shu jumladan, ularni bevosita prokurorlar tomonidan joylarda qabul qilinishiga jiddiy e’tibor qaratilib, 169 ming 47 nafar fuqaroning arzi tinglandi.  

Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida prokuratura organlari tomonidan 76 ming 360 targ‘ibot tadbiri, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida 22 ming 525 chiqish qilindi.  

Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoringda jami 678 tanqidiy maqola aniqlanib, ular  yuzasidan  tegishli  choralar ko‘rilgan. Shu bilan birga, o‘tgan davrda prokuratura organlari aralashuvi talab etiladigan tanqidiy materiallar soni 496 tani tashkil  etgan. Ushbu tanqidiy materiallar prokuratura organlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib,  barchasiga rasmiy  bayonotlar  berilgan.  

Tanqidiy materiallar bo‘yicha qo‘pol qonunbuzilish holati bo‘yicha 29 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 32 fuqaroning huquqlari  tiklandi.    

 

N.Abduraimova,  

O‘zA