Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirdi
14:40 / 2024-04-26

Internetda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev qidiruvda bo‘lgan Sherali va Abduvali Abdullayevlar bilan “gaplashib turgani” haqidagi videoyozuv chiqarilgan.

Aslida ham shundaymi? Bosh prokuratura axborot xizmati bunga aniqlik kiritib, bayonot berdi

Qayd etilishicha,2024-yilning 2-4-yanvar kunlari Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev mehnat ta’tili davrida salomatligini tiklash maqsadida o‘z hisobidan Turkiya Respublikasiga borgan.  Ushbu mamlakatdagi “Medipol Mega” tibbiyot klinikasida davolanish muolajalaridan o‘tgan. Turkiyada unga avvaldan tanishi bo‘lgan Azim Jo‘raboyev hamrohlik qilgan. 

Bosh prokuror Azim Jo‘raboyev bilan klinikada gaplashib turgan vaqtda, ularning oldiga asli familiyasi Sobirjanov (xabarda Sherali Abdullayev deb ko‘rsatilgan) bo‘lgan Sherali ismli shaxs kelib, o‘zini tanishtiradi. Shu vaqtda ular klinikaga kelishi sabablari haqida suhbatlashadi. Sherali Sobirjanov klinikaga o‘zining farzandini davolanishga olib kelganini aytib, Bosh prokurorni tanib qolgani uchun ular bilan hamsuhbat bo‘lishga yonlariga kelganini tushuntiradi. Shunday qilib, videoda Bosh prokuror yonida turgan ikki shaxsning biri Sherali Sobirjanov bo‘lsa, ikkinchisi Abduvali Abdullayev emas, balki Azim Jo‘raboyev bo‘lgan. 

Ma’lumot tariqasida: Abduvali Abdullayev tomonidan 2018-yil 10-may kuni “Baxmal Juice Master” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bankdan 1,1 million  AQSH dollari kredit olinib, kredit qarzdorligining 633 ming AQSH dollari qasddan qoplanmaganligi oqibatida, garovdagi «O’zengilulgurjisavdo» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli mulk (ma’muriy bino) bank tasarrufiga o‘tib ketganligi bois, jamiyat manfaatiga katta miqdorda zarar yetkazilgan. 

«O’zengilulgurjisavdo» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischilarining arizasiga asosan 2021-yil 25-yanvar kuni A.Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi A.Abdullayevga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari ayblanuvchi qayerda ekanligi noma’lum bo‘lganligi sababli vaqtincha to‘xtatilgan. 

O‘z o‘rnida ta’kidlash kerakki, jinoyat ishi doirasida Abduvali Abdullayevning o‘g‘li - Rahmatilla Abdullayev ham ayblanuvchi (Jinoyat kodeksining 168, 233, 184-moddalari bilan ayblov xulosasi tuzilgan) sifatida jalb qilingan. 2022-yil 13-iyundagi Yakkasaroy tumani sudining hukmiga ko‘ra, R.Abdullayev Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan aybli, deb topilgan va unga jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 168 va 233-moddalari bilan esa aybsiz, deb topilib, reabilitatsiya qilingan. 

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022-yil 26-sentyabrdagi ajrimi bilan yuqoridagi sud hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tumani prokurorining apellyatsiya protesti va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023-yil 28-fevraldagi ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 2022-yil 27-sentyabrdagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan (ish Toshkent shahar prokurorining protesti va fuqaroviy da’vogarning shikoyati asosida ko‘rilgan). 

Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 26-iyundagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilinib, R.Abdullayev Jinoyat kodeksning 168 va 184-moddalari bilan aybli, deb topilib, 4-yil 6 oy ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 26-iyundagi hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. 

Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2024-yil 24-apreldagi ajrimiga ko‘ra, Yakkasaroy tumani sudining 2022-yil 13-iyundagi dastlab chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tumani prokurorining R.Abdullayevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 233-moddasi 1-qismi va 184-moddasi 3-qismi bilan aybli, deb topib, jazo tayinlash haqidagi prokuror protesti va jabrlanuvchilarning shikoyatlari rad qilingan.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan yuqoridagi appelyatsiya ajrimiga nisbatan taftish tartibida prokuror protesti keltirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 

Sherali Sobirjanov esa, “Orental Fresh Food” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari lavozimida ishlab kelib, bangga soxta kontraktlarni taqdim etgan holda, haqiqiy bozor narxi 494 ming 438 AQSH dollarilik muzlatgich va 430 ming 182 AQSH dollarilik quritish jihozlari uchun jami 1 million  597 ming 630 AQSH dollarini Xitoy davlatiga to‘lab berib, 673 ming 10 AQSH dollarini talon-toroj qilgan.

Unga nisbatan 2019-yil 20-iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalar bilan sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan.

Jinoyat ishi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining ish yurituvida bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

                                                         N.Abduraimova

      tayyorladi, O‘zA