Bosh prokuratura tomonidan tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralari ko‘rilayotir.

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan qaror ijrosi bo‘yicha Jizzax viloyatida o‘rganish o‘kazilmoqda.
Respublika ishchi guruhi tomonidan G‘allaorol tumanida “mahalla yettiligi” va “ijtimoiy profilaktika”ga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar bilan “yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarni o‘z muddatida sifatli ta’minlash masalasi bo‘yicha muloqot o‘tkazildi.
Unda mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, xotin-qizlar, muqaddam sudlanganlar va ishsizlar jinoyatchiligining oldini olish maqsadida ularning bandligini ta’minlash, individual profilaktik tadbirlarni ko‘proq o‘tkazish, yoshlar va hisobda turgan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda ularning mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini qisqa fursatlarda qonuniy hal etilishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivoji, aholi bandligining muhim omili bo‘lgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soha vakillarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ham prokuratura organlari tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Farg‘ona viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ijrosi joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganishlarda asosiy e’tibor loyiha tashabbuskorlarining faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratildi.

Xususan, Farg‘ona shahrida “Farg‘ona azot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hamda "AMASTA" mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishildi.
"AMASTA" korxonasiga mas’ul idoralar tomonidan zargarlik mahsulotlarini bojxona orqali rasmiylashtirishdagi milliy qonunchilik talablari yuzasidan huquqiy tushuntirish berilib, mavjud muammolar qisqa fursatda bartaraf etilishi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, "AMASTA" korxonasi tomonidan loyihani amalga oshirish natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan holda yillik quvvati 2 ming kg oltin, kumush, mis kabi zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilib, doimiy 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bosh prokuror o‘rinbosarlari Dilmurod Qosimov, Isroil Adhamov tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf qilish maqsadida Andijon shahrida tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirkorlarning muammolarini hal etishga 33 ta respublika darajasidagi vazirlik va idoralar, tijorat banklari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbar va o‘rinbosarlari hamda ularning viloyat boshqarmalari rahbarlarining ishtiroki ta’minlandi.
Uchrashuvda 250 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etib, ularning 166 nafari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Uchrashuv davomida 36 nafar tadbirkorning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, soliq, kredit va ruxsatnoma berish haqidagi murojaatlari joyida hal etildi.
Shu bilan birga, 50 dan ortiq tadbirkorlarning murojaatlarini shaxsan prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, tadbirkorlarning murojaatlari olindi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov esa yirik korxonalarda yoqilg‘i-energiya resurslarini tejash, shu jumladan, “Hududiy elektr tarmoqlari”da energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, elektr energiyasini qabul qilish, taqsimlash va iste’molchilarga yetkazib berishdagi jarayonni raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda Bosh prokuratura, Energetika va Raqamli texnologiyalar vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Energiya samaradorligi agentligi, “O‘zenergoinspeksiya” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasining mas’ullari qatnashdi.
Raqamli nazorat tizimlari yordamida energiya taqsimoti va iste’molini samarali boshqarish, yo‘qotishlarni kamaytirish, xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, sohani raqamlashtirish bilan bog‘liq mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal qilish, shuningdek yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilinib, mas’ullar ogohlantirildi hamda tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bosh prokuratura rahbariyatining yuqoridagi kabi chora-tadbirlarni kuchaytirishga qaratilgan ishlari davom ettiriladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA