Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holat davrida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan Bosh prokuratura tergov-tezkor guruhi tomonidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, tergov-tezkor guruhi zimmasiga yuz bergan hodisalarning barcha holatlarini aniqlash, tergov harakatlarini xolisona hamda qonunchilikka qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Ta’kidlash lozim, tezkor-tergov guruhi o‘z vazifalarini bajarishga darhol kirishgan hamda uning faoliyatiga biron-bir tashqi ta’sirlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlangan.
Joriy yil 16 iyul holatiga ko‘ra, tergov-tezkor guruhi tomonidan o‘tkazilgan tergov harakatlari doirasida hodisa yuz bergan hududlar va joylar ekspert va mutaxassislar ishtirokida to‘liq ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirib olindi.
Avval xabar berganimizdek, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan 274 nafar fuqaroga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi. Shundan 16 nafar fuqaro tibbiy muassasalarda qolmoqda, afsuski, yana 3 nafar fuqaro ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani bois, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan vafot etdi.
Yetkazilgan zararning haqiqiy miqdorini aniqlashga qaratilgan choralar ko‘rilib, hozirga qadar fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga 3 milliard 147 million so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Ommaviy tartibsizliklar oqibatida jabrlangan shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, o‘z xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqarolar jabrlanuvchi, deb e’tirof etildi.
Jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi to‘liq ta’minlangan. Ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.
Saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar to‘la ta’minlangan. Ushlanganlarning sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas.
Ma’lum qilamizki, tergov-tezkor harakatlari jinoyat-protsessual qonunchilik va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik tamoyillari va talablariga to‘liq rioya qilgan holda olib borilmoqda. Tergovga jalb qilinayotgan shaxslarning qonunda belgilangan barcha protsessual huquqlarini kafolatli ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Shu bilan birga, tergovning har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida ommaviy tartibsizliklar davomida huquq-tartibot organlari – xavfsizlik kuchlari harakatlarining qonuniyligi ham tergov yo‘li bilan tekshirilmoqda.
Tergovning shaffofligini ta’minlash uchun ommaviy axborot vositalarida tergovning borishi va natijalari haqida ma’lumotlar taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Afsuski, ba’zi xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda voqeada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bedarak yo‘qolganligi haqida mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan “feyk” xabarlar tarqatilmoqda. Vaholanki, tarmoqlarda tarqatilgan ro‘yxatda ko‘rsatilgan bir qism fuqarolar o‘z yashash uyida ekani, bir qismi Qoraqalpog‘iston hududidan chetga chiqib ketgani, ayrimlari esa, umuman mavjud bo‘lmagan shaxslar ekani aniqlandi. Shunday bo‘lsa-da bu holat ham Bosh prokuratura tezkor-tergov guruhi tomonidan nazoratga olindi va hozirgi vaqtda yana bir bor chuqur o‘rganib chiqilmoqda.
O‘zA