Yurtimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar natijasida fuqaro K.R.ga imtiyozli shartlarda ipoteka asosida arzonlashtirilgan uy-joy berilgan.
Bu fuqaro nima uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan? Gap shundaki, u 9 yoshida ota-onasidan ajralib, yetim bo‘lib qolgan. Qarindoshlari qaramog‘ida katta bo‘lgan yigit keyinchalik oila qurgan.
K.R. oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgani, turmush o‘rtog‘i ham ishsiz bo‘lib, "Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turishi, moddiy tomondan qiyinchilik bo‘lgani bois, kreditdan qarzdorlik kelib chiqqan.
Bank sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, qarzdorlikni undirib, undiruvni garovda turgan, K.R. oila a’zolari bilan birga yashab kelgan uyga qaratishni so‘ragan.
Quyi sudlar tomonidan bankning da’vo talablari qanoatlantirilib, qarzdorlikni undirish va undiruvni garovda turgan uyga qaratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
K.R.ning murojaatlari asosida fuqarolik ishi prokuratura organlari tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama va to‘liq quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati olib borilayotgani, ijtimoiy himoyaga muhtoj K.R. davlat organlari ko‘magida uy-joy bilan ta’minlangan bir paytda, qarzdorlikni undirish haqidagi da’vo talabi bo‘yicha uy garovga noto‘g‘ri qaratilgani aniqlandi.
Bosh prokuratura Fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi tomonidan sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan Oliy sudga taftish tartibida protest keltirildi.
Bosh prokuraturaning mazkur protesti Oliy sud tomonidan qanoatlantirilib, K.R.ning huquqlari ishonchli himoya qilindi va qarzdorlikni garovda turgan uyga qaratish to‘g‘risidagi quyi sud qarori bekor qilindi.
Natijada K.R.ning uy-joyga bo‘lgan huquqlari tiklandi.
N.Abduraimova,
O‘zA