Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: o‘qishga qabul qilishda korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘yilgan
12:08 / 2023-07-15

Bosh prokuratura tomonidan madaniyat va madaniy meros sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi faoliyati o‘rganilganda, oliygohga o‘qishga qabul qilishda shaffoflik ta’minlanmasdan, korrupsiyaviy omillarga zamin yaratilgani aniqlandi.

Xususan, me’yoriy hujjatlar talablariga zid ravishda o‘qishga qabul boshlangani haqida keng jamoatchilikka bir oy oldin xabar berilmagan. 496 nafar abituriyentning ijodiy imtihon natijalari videotasvirga olinmagan. 52 nafar abituriyentning amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi ta’minlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan.

Bundan tashqari, akademiyada 22 nafar o‘qituvchi-pedagogga dars mashg‘ulotlari me’yor talablariga zid ravishda qo‘shib yozilib, 319 million so‘m, o‘tilmagan dars soatlari uchun 154 million so‘m to‘lab berilgan.

Hujjatlar soxtalashtirilib, haqiqatda ishlamagan 7 nafar xodimga 270 million so‘m, yuklatilgan vazifalarni bajarmagan 6 nafar xodimga 107 million so‘m asossiz to‘lanib, byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Moddiy javobgar shaxslar tomonidan 76 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar kamomadiga yo‘l qo‘yilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA