Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirgan shaxslarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
11:17 / 2026-01-28

Yoʻllarda xavfsizlikni taʼminlash uchun tartib-qoidaga qatʼiy rioya etilishi zarur. Ayniqsa, yoʻl harakatining asosiy ishtirokchilari boʻlgan haydovchilar malakasi muhim ahamiyatga ega.

Agar haydovchi noqonuniy guvohnoma olsa, buning oqibatini tasavvur qilish qiyin emas. Sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalari, avtohalokatlarda shunday haydovchilar “hissasi” kam emas.

Lekin haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish holatlari uchrab turibdi. Bosh prokuraturadan xabar berishlaricha, shunday holatga yoʻl qoʻygan davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov jarayonida, 8 viloyatda (Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo) 1,2 ming nafardan ortiq fuqarolarga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgani aniqlandi.

Tahlillar shuni koʻrsatdiki, soxta guvohnomalarni olgan fuqarolarning 455 nafari 1 ming 305-marta yoʻl harakati qoidalarini buzgan, 9 nafari yoʻl transport hodisasi sodir etgani oqibatida 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 3 nafari vafot etgan.

Jinoyat ishining keng hajmli va murakkabligidan kelib chiqib, Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tuzildi.

Hozirda soxta guvohnomalar va ularni rasmiylashtirishga asos boʻlgan barcha hujjatlar toʻliq tekshirilmoqda, tergov harakatlari rejalashtirilgan tartibda davom etmoqda.

Bosh prokuratura haydovchilik guvohnomasini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda olish lozimligini eslatdi. Soxta hujjatlardan foydalanish qonun bilan taqiqlangan boʻlib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.

N.Abduraimova,

OʻzA