Prokuratura organlari energoresurslardan noqonuniy foydalanishning oldini olish, bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini muntazam amalga oshirmoqda.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida yangicha tizim joriy etilib, prokuraturaning mas’uliyati yanada oshirildi.
Chunki, qaror bilan respublikaning har bir tumani (shahri) kesimida energiya balansini ishlab chiqish, ularning ko‘rsatkichlarini bajarish, energiyani tejash dasturlari ijrosini ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha tuman (shahar) idoralararo ishchi guruhlari tuzilmoqda.
Qaror bilan tasdiqlangan tuman (shahar) idoralararo ishchi guruhining namunaviy tarkibiga ko‘ra, tuman (shahar) prokurori tuman (shahar) idoralararo ishchi guruhi rahbari qilib belgilandi.
Qarorga asosan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabiga yuklatiladigan qo‘shimcha vazifalar, yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy shtablarning ustuvor vazifalari, tuman (shahar) idoralararo ishchi guruhlarining ustuvor vazifalari, hududiy shtablar hamda tuman (shahar) idoralararo ishchi guruhlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, har bir tuman (shahar)da energiya resurslarini tejash va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida Bosh prokuraturaning 208 nafar xodimi tuman (shahar)larga biriktirildi.
Bosh prokuratura va Energetika vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zenergoinspeksiya, Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu sohada nazorat va monitoringni amalga oshirish imkonini beruvchi mavjud elektron platformalarni mazkur qaror bilan belgilanayotgan yangi talablardan kelib chiqib takomillashtiradi.
Vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarining rahbarlari energiya tejamkorlik ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda ushbu platformalarda aks ettirib borish, ma’lumotlarning haqqoniyligiga mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA