Joriy yilda amalga oshiriladigan Davlat dasturlariga qariyb 21 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Ularning maqsadli sarflanishi va ishlarning sifati yuzasidan Bosh prokuratura tizimli nazorat o‘rnatgan.
—Dasturlar ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika va hududiy shtablar hamda ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, — dedi Bosh prokuratura bo‘lim prokurori Farrux Sultonov. — Shtablar tomonidan Investitsiya dasturidagi 1 ming 378 ta, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi 827 ta va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturidagi 6 ming 7 ta loyihaning har biri monitoringga olingan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 3 ming 238 ob’ektda qurilish ishlar yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Jumladan, 514 ichimlik va oqova suv ta’minoti, 328 elektr tarmog‘i, 54 gaz ta’minoti, 104 ijtimoiy soha va 428 boshqa turdagi ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Shu bilan birga, “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining birinchi mavsumida tasdiqlangan 1 ming 666 ta loyihani amalga oshirish uchun yo‘naltirilayotgan 1 trillion 571 milliard so‘m mablag‘larning maqsadli sarflanishi nazorat qilib boriladi.
Prokuratura organlarida joriy etilgan “Byudjet nazorati” elektron dasturi orqali barcha ob’ektlar bo‘yicha onlayn monitoring yo‘lga qo‘yildi.
Internetda ochilgan maxsus kanal va prokuratura organlarida ishga tushirilgan “ochiq telefon” orqali esa keng jamoatchilik uchun dasturlar ijrosining borishini muhokama qilish imkoni yaratildi.
Pudratchi va loyihachi tashkilotlarning reytingini yuritish va tender savdolari o‘tkazishni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari ijrosi o‘rganildi.
Natijada noxolis baholash mezonlari bekor qilindi. Reytingni haqqoniy shakllantirish tartibi joriy etildi.
Pudratchi va loyihachini tanlash jarayonida xarid komissiyasining ishtiroki to‘liq bekor qilindi.
Davlat ob’ektlarini quradigan pudratchi va loyihachilarni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi platforma orqali inson omilisiz, reyting asosida elektron belgilash joriy etildi.
Qonunbuzilishi uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash bilan birga, asosiy e’tibor bunday holatlarning oldini olishga qaratilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA