Bosh prokuratura kengaytirilgan hay’at majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2025 yilning o‘tgan davridagi faoliyati natijalari ko‘rib chiqildi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan majlisida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.
Prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 160 mingdan ortiq nazorat hujjatlari qo‘llanilgani qayd etildi. 526 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan. Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolar va davlat manfaatlariga yetkazilgani aniqlangan 2,2 trillion so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash masalasi ham hay’at muhokamasidan o‘rin oldi. Hisobot davrida 218 ming murojaat bevosita prokuratura organlarida hal etilgan va 54 ming nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.
Qariyb 14 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 30 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, prokurorlar tashabbusi bilan 961 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, ularda 11 ming 340 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar asosida nazorat tadbirlari samarali tashkil qilingani natijasida kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan 302 ming nafar fuqaroga 1,8 milliondan ziyod ijtimoiy xizmat ko‘rsatilib, ularning ahvoli yaxshilangan.
Voyaga yetmaganlarni huquqlarini to‘la ta’minlash bo‘yicha nazorat tadbirlari tizimli davom ettirilgan. Madaniy meros ob’ektlarini asrash, turizm va sportni rivojlantirish, tabiatni muhofaza qilishga doir vazifalar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirilgan.
Tabiiy ekologik muhitni saqlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yerlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yoqilg‘i-energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 133 mingta reyd tadbirlari davomida 127 mingdan ortiq noqonuniy holat fosh etilib, 645 milliard so‘m zarar undirilgan. Prokuror nazorati tadbirlari o‘laroq, davlat dasturlariga kiritilgan 5 ming 846 qurilish ob’ektining o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi, 3,9 trillion so‘m mablag‘ tejalishi ta’minlangan.
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, byudjet tushumini qo‘shimchalari bilan birga to‘liq bajarilishini ta’minlash bo‘yicha aniq, oyma-oy hisob-kitobli yo‘l xaritasi tasdiqlanishini tashkil qilish, uning ijrosini qat’iy nazoratga olish topshirildi.
O‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlangan 2 ming 373 gektar yer maydonlari zaxiraga qaytarilishi ta’minlangan. Yerlarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlarga nisbatan keskin choralar ko‘rib borilishiga urg‘u berildi.
Aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, bu borada dehqon bozorlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida savdo yarmarkalarini tashkil etishga doir vazifalar ijrosini ta’minlash lozimligi qayd etildi.
Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada erishilgan natijalarni qayd etish bilan birga, mavjud muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato - kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlashning barcha choralarini ko‘rish zarurligini qat’iy ta’kidladi.
Sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan o‘z muddatida munosabat bildirib borish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berildi. Bu borada odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati tahlil qilinib, ish samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda xodimlarning bilim va salohiyatini oshirish, malakali prokurorlar korpusini shakllantirishni yanada kuchaytirish, bu borada Huquqni muhofaza qilish akademiyasi imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati haqida ham so‘z yuritildi. Mazkur tizimlar samaradorligini oshirish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Prokuratura organlari faoliyatiga oshkoralik berish, bunda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar bilan aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratish haqida yana bir bor eslatib o‘tildi.
Qonun ijodkorligi, prokuratura ishiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, jumladan “Raqamli prokuratura - 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga oid ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.
Hay’at yig‘ilishida mas’ullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi. Barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli va so‘zsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi bo‘lishlari shartligi qat’iy belgilandi.
Muhokama natijasiga ko‘ra, faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga tegishli choralar ko‘rildi va dolzarb masalalar ijrosi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA