Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: atrof-muhitga zarar yetkazish holatlari bo‘yicha 205 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi 
17:19 / 2024-03-04

Bosh prokuratura mutasaddilari tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi yuzasidan prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan samarali idoralararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, eng avvalo, jamiyatda ekologik madaniyatni targ‘ib qilish urg‘u berilayotgani qayd etildi. 

“Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi doirasida barcha hududlarda ekologiya va prokuratura idoralararo ishchi guruhlari tashkil etilib, 2023-yil kuz mavsumida respublika bo‘yicha 92 million tup ko‘chat va butalar ekilishi ta’minlandi. 

Prokuratura organlari tomonidan 591 gektar yer maydonida 583 ming tup manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. 414,5 gektar yer maydonida 145 ta “prokuror bog‘”lari tashkil etilib, kelgusida parvarish qilinishi uchun mas’ul idoralarga biriktirildi. 

Daraxtlar kesilishiga e’lon qilingan moratoriy ijrosini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan nazorat tadbirlari davomida 4 ming 190 ta noqonuniy daraxt kesish holatlari aniqlangan. Aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal qilish bilan bir qatorda, har bir nobud qilingan daraxt uchun 100 tup ko‘chatni kompensatsiya tarzida ekish majburiyati yuklanishi va davlat ixtiyoriga 8,7 milliard so‘m undirilishi ta’minlandi. 

Tabiiy muhofaza hududlari va o‘rmon fondini himoyalash maqsadida Bosh prokuratura va vazirlik qo‘shma topshirig‘i asosida ijaradagi 67 ming 778 gektar o‘rmon fondi yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, 17 noqonuniy qaror bekor qilindi hamda noqonuniy egallangan 1 ming 577 gektar yer maydoni o‘rmon fondi hisobiga qaytarildi. Jiddiy qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 24 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Bundan tashqari, suv havzalari va daryo o‘zanlari muhofazasi doirasida prokuratura, ekologiya hamda suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligi va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlaridan iborat idoralararo ishchi guruhlari tuzilib, Sirdaryo, Chirchiq, Ohangaron, Zarafshon, Oqdaryo va Qoradaryo daryolari o‘zanlarida keng qamrovli nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu jarayonda 65,7 milliard so‘mlik 215 ming m3 noruda foydali qazilmalar noqonuniy qazilgani yuzasidan 45 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tabiatga yetkazilgan 7,1 milliard so‘m zarar va 34,8 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovlari undirildi. 

Tadbirlar davomida daryolarning muhofaza zonalarida 744 ta noqonuniy chiqindi tashlash joylari bartaraf etilib, suv havzasi mintaqalari 17 ming 200 tonna chiqindidan tozalandi. 

Atmosfera havosi va suvga zararli tashlanmalar chiqarilishi holatlari muntazam tahlil qilinib, bunda, eng avvalo, aholidan shikoyatlar tushayotgan hududlardagi vaziyat hamkorlikda o‘rganilmoqda. 

Bu yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari davomida davlat organlariga 610 taqdimnoma kiritildi. Sudlarga 5,7 milliard so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. Mansabdor shaxslarning 404 noqonuniy qarori bekor qilindi. 821 nafar shaxs ogohlantirilib, 1 ming 878 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 205 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, davlat foydasiga 31,1 milliard so‘m undirildi. 

Joriy yilda ham prokuratura organlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tabiatni muhofaza qilish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan faoliyat davom ettiriladi. 

N.Abduraimova, O‘zA