Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: atmosferaga zarar yetkazayotgan korxonalar faoliyati darhol to‘xtatilmoqda
11:10 / 2025-11-27

Atmosfera havosini muhofaza qilish, zararli moddalar chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik va aholi salomatligini asrash maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prokuratura, ichki ishlar va ekologiya organlari tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda tungi nazorat va reydlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Shunday tadbirlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida olib borildi. Toshkent viloyati Niyozboshi qishlog‘ida ayrim xususiy korxonalarda qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonida chiqindilar, jumladan, polietilen moddalar yoqilgani aniqlandi. Bu atrof-muhitga zararli moddalar tarqalishi va mahalliy aholi salomatligiga xavf tug‘ilishiga sabab bo‘lgan.

Ishchi guruh tomonidan korxonalar faoliyati darhol to‘xtatildi. Hozirda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanmoqda va tekshirish natijalari asosida qonunchilikka muvofiq choralar qo‘llanadi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 24 noyabrdagi “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov boshchiligida Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli turar joylar qurish ob’ektlarida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida qurilish ishlarini amalga oshirishda belgilangan talablarga, shu jumladan, qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalar o‘rnatish, umumiy maydonning 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish, qurilish maydonlarida suv purkagichlar o‘rnatish, qurilish maydonlarining kirish va chiqish yo‘laklarida avtotransport vositalari g‘ildiraklarini yuvish hovuzlarini barpo etish, qurilish maydonining chiqish yo‘llarida chang va qum zarralari havoga ko‘tarilishining oldini olishga doir kompleks chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Shu yo‘nalishdagi nazorat va o‘rganish ishlari izchil davom ettirilmoqda. 

N.Abduraimova,

O‘zA