Bosh prokuratura tomonidan hududiy davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilgani haqida Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Davlat xizmatlari markazining mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan 2025 yil davomida muqaddam haydovchilik guvohnomasi olmagan 72 nafar fuqarodan olingan 616 million so‘m pora evaziga ularga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.
Ushbu holat bo‘yicha Davlat xizmatlari markazining bosh mutaxassisi va uning sheriklariga pora olish, pora berish, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, ularning barchasi qamoqqa olingan hamda ularning jinoiy javobgarlik masalasi hal etilgan.
Jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganida quyidagilar aniqlangan: Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 12 apreldagi 152-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun nomzodlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganidan so‘ng, ularga haydovchilik guvohnomasi davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilishi belgilab qo‘yilgan.
Biroq yuqoridagi holatda nazariy va amaliy imtihonlardan o‘ta olmagan fuqarolarga avtomaktablar yaqinida faoliyat yurituvchi turli shaxslar haydovchilik guvohnomasini haq evaziga imtihon topshirmasdan, soxta hujjatlari asosida haq evaziga olib bergan.
Jinoiy guruh ikki xil usulda soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan. Birinchi usul: jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 500-1000 AQSH dollari evaziga turli shaxslar orqali eski turdagi haydovchilik guvohnomasini qo‘lbola usulda tayyorlab, fuqarolarga taqdim etgan. So‘ngra, jinoiy guruh tuman davlat xizmatlari markazi xodimiga pora berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan DXMga qalbaki eski turdagi haydovchilik guvohnomalari topshirilishiga, o‘rniga yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishiga erishgan.
Ikkinchi usul: jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 10 ming AQSH dollariga qadar bo‘lgan mablag‘ evaziga fuqarolarning haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lganligi to‘g‘risida hududiy YHHBlar ma’lumotnomalarini soxtalashtirib, ularga soxta QR kodli imzolarni qo‘yib fuqarolarga taqdim etgan.
Jinoiy guruh tuman davlat xizmatlari markazi xodimiga berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan unga soxta QR kodli ma’lumotnomalarni taqdim etib, yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishga erishgan.
Ikki holatda ham fuqarolar o‘zlarining muqaddam haydovchilik guvohnomalari bo‘lmaganligini bila turib, jinoiy guruh vakillaridan sotib olgan soxta hujjatlar bilan davlat xizmatlari markaziga go‘yoki haydovchilik guvohnomalarini yo‘qotib qo‘ygani to‘g‘risida murojaat qilgan.
Oqibatda 72 nafar fuqarolarning o‘zi ham hujjatlarni qalbakilashtirish hamda davlat tashkiloti xodimiga pora berish jinoyatlariga sherik bo‘lgan.
Bundan tashqari, yuqoridagi holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan viloyatlarda o‘tkazilgan tekshirishda yana 1,2 mingdan ortiq (Toshkent shahrida 440, Navoiy viloyatida 265, Surxondaryo viloyatida 205, Samarqand viloyatida 146, Qashqadaryo viloyatida 33, Sirdaryo viloyatida 20, boshqa viloyatlarda 100 dan ortiq) qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Hozirda barcha fuqarolarning qalbaki hujjatlar asosida qo‘lga kiritgan haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan. Hujjat qalbakilashtirgan hamda ushbu qalbaki hujjatlarni sotib olgan fuqarolarning ham jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bosh prokuratura yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarga faqat tegishli avtomaktablarda o‘qib, nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan holda haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirilishi qonuniy ekanligi, turli xil qing‘ir yo‘llar bilan haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirib ham jinoiy javobgar, ham moddiy zarar ko‘rmaslikni tavsiya qildi.
N.Abduraimova, O‘zA