Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: 541 holatda amalda ekilmagan bir milliondan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan
09:49 / 2024-06-11

Yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda joriy yil bahor mavsumida 139 million tup daraxt ekilgan. Hisobotlarda ko‘rsatilayotgan bu raqam qanchalik  to‘g‘ri? “Yashil makon” umummilliy loyihasi va daraxtlarni kesishga e’lon qilingan moratoriy ijrosi qanday ta’minlanmoqda?  

Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganish ishlarida ana shu savollarga javob izlangan.  

– Prezidentimizning ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etishga oid farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilgan o‘rganishda 541  holatda amalda ekilmagan bir milliondan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlandi, – deydi Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayev. – 441 holatda 580 ming tup ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan. 35 holatda yetkazib berilgan ko‘chatlar o‘z vaqtida ekilmagani sababli 19 mingdan ortiq ko‘chat nobud qilingan. 7 ming 232 ta noqonuniy daraxt kesish holati aniqlanib, har bir nobud qilingan daraxt uchun 100 tup ko‘chatni kompensatsiya tarzida ekish majburiyati yuklandi. Yadro fizikasi instituti bog‘i, “Darxon” ilmiy tajriba xo‘jaligi, “Bobotog‘” va “Zarafshon” davlat o‘rmon xo‘jaliklari hududlari to‘liq nazoratga olinib, jami 50 ming tup ko‘chat ekilishi ta’minlandi.  

Tabiiy muhofaza hududlar va hayvonot dunyosini himoyalash maqsadida Bosh prokuratura va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qo‘shma topshirig‘i asosida ijaradagi 67 ming 778 gektar o‘rmon fondi yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, 105 noqonuniy qaror va ijara shartnomalari bekor qilindi.  

Sanitar-epidemiologik va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, nazorat tadbirlari natijasida belgilangan talablarga javob bermaydigan va o‘z resursini o‘tab bo‘lgan 47 chiqindi poligonining faoliyati to‘xtatilib, yer maydonlari rekultivatsiya qilingan holda mahalliy hokimliklar zaxirasiga o‘tkazildi.  

Suv havzalari va daryo o‘zanlarini muhofaza qilish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhlari tuzilib, Sirdaryo, Chirchiq, Ohangaron, Zarafshon, Oqdaryo va Qoradaryo daryolari o‘zanlarida keng qamrovli nazorat tadbirlari tashkil qilindi. Tadbirlar davomida 65,7 milliard so‘mlik noruda qazilmalar noqonuniy qazilgani holatlari yuzasidan 45 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

Daryolarning muhofaza zonalaridagi 744 noqonuniy chiqindi tashlash joylari bartaraf etilib, suv havzasi mintaqalari 17,2 ming tonna chiqindidan tozalandi. Aholini qiynayotgan 200 dan ortiq ekologik muammolar barvaqt aniqlanib, bartaraf qilindi.  

Noqonuniy egallangan 29 ming 677 gektar yer maydoni o‘rmon fondi hisobiga qaytarildi. Noqonuniy daraxt kesish holatlari moratoriy e’lon qilinishi natijasida ikki barobarga kamaydi.  Tabiatga yetkazilgan zarar va ziyon uchun kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha 400 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirildi.  

Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi 388,9 milliard so‘mlik debitor qarzdorlik undirilishi, o‘tkazilgan xatlovlar natijasida aniqlangan 129,7 milliard so‘mlik noreal debitor qarzdorlik bartaraf etilishi ta’minlandi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA