French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh prokuratura: 4 ming 562 jinoyat fosh etildi hamda qidiruvda bo‘lgan 1 ming 265 nafar shaxsning ushlanishi ta’minlandi
16:40 / 2024-04-02

O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev xalqimizga murojaat qilib, aholining huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash bo‘yicha qilinadigan ishlar haqida ma’lumot bergan edi.

Murojaatdagi masalalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha prokuratura organlari izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinov shu haqda ma’lumot taqdim qildi: 

– O‘tgan davrda prokurorlar sektorlaridagi «Temir daftar»ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oila, «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 243 ming 456 nafar xotin-qiz va 12 ming 332 nafar yoshlarga har tomonlama ko‘mak berish choralari ko‘rildi. 

Natijada 1,5 ming nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi. 2 ming 382 nafariga o‘zini o‘zi band qilishida, 2 ming 312 nafarining kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish kurslarida o‘qishida, 1,1 mingdan ziyodiga moddiy yordam ajratilishida ko‘maklashildi. 

Mahallalarda yoshlar bilan ishlashga 1 ming 231 nafar prokuratura xodimi biriktirilib, mahalla yettiligi bilan hamkorlikda yoshlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, otaliqqa olinishi lozim bo‘lgan 500 mingdan ortiq yoshlar belgilab olindi. 

Jinoyat sodir etishga moyil va ishsiz yoshlarning muammolari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilmoqda. 

Aholi bandligini ta’minlash, ekologik muhitni asrab-avaylash borasidagi vazifalar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirilgan holda olib borilmoqda. Aholi bandligini ta’minlash sohasida 168 prokuror nazorati hujjati qo‘llanildi. Natijada 87 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi, 10 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 309 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi. 

Ekologik muhitni va tabiiy boyliklarni muhofaza qilishga doir tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi 14 ta yirik sanoat korxonasidagi yaroqsiz holatga kelgan chang, gaz tozalash uskunalari yangisiga almashtirildi hamda 32 tasida ta’mirlash ishlari o‘tkazildi. 

Atmosfera havosini raqamli monitoring qilish maqsadida poytaxtning 10 ta nuqtasida avtomatik nazorat qiluvchi uskunalar (IQAir) joylashtirilib, onlayn dastur orqali kuzatish va ma’lumotlar olish imkoniyati yaratildi. 

Daraxtlar kesilishiga e’lon qilingan moratoriy ijrosini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan nazorat tadbirlari davomida noqonuniy daraxt kesish bilan bog‘liq 44 holat aniqlandi. Aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal qilish bilan bir qatorda har bir nobud qilingan daraxt uchun 100 tup ko‘chatni kompensatsiya tarzida ekish majburiyati yuklanishi va davlat ixtiyoriga 329 million so‘m undirilishi ta’minlandi. 

Tabiiy muhofaza hududlari va o‘rmon fondini himoyalash maqsadida ijaradagi 67 ming 778 gektar o‘rmon fondi yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari davom ettirilib, o‘zboshimchalik bilan egallangan 343 gektar yer maydoni o‘rmon fondi hisobiga qaytarildi. 

Tadbirkorlar himoyasi doirasida 755 nafar tadbirkorga 156 milliard so‘mlik kredit, 284 nafariga litsenziya va ruxsatnoma berilishida, 1 ming 635 nafariga kommunikatsiya tizimlariga ulanishida, 1 ming 405 nafariga boshqa muammolari hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Prokuratura ko‘magi bilan 1 ming 141 yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi, 2 ming 199 subyektning faoliyati tiklandi, 4 ming 358 yangi ish o‘rni yaratilishi ta’minlandi. 

Byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash, talon – toroj qilinishining oldini olish choralari ko‘rilgani tufayli joriy yilda byudjetdan 20,4 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi va 1 ming 724 obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilandi. Hozirda yangidan boshlangan 1 ming 274 obyektning loyiha tashkiloti aniqlanishi, 1 ming 241 tasining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi, ularning 938 tasi bo‘yicha davlat ekspertizasi va 665 tasi bo‘yicha kompleks ekspertiza xulosalari olinishi ta’minlandi. 

Ko‘rilgan choralar natijasida loyiha hujjatlaridagi 1 trillion so‘mlik qiymat maqbullashtirilib, byudjetdan ortiqcha mablag‘ xarajat qilinishining oldi olindi. Ushbu mablag‘ning 371,2 milliard so‘mi loyiha ishlab chiqish paytida, 467 milliard so‘mi davlat ekspertizasida, 122,2 milliard so‘mi kompleks ekspertizada iqtisod qilindi. 

Ko‘mir mahsulotlarini talon-toroj qilish holatlarini oldini olish borasida ko‘rilgan choralar natijasida 8,6 milliard so‘mlik 42,9 ming tonna ko‘mir mahsulotlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 318 holat aniqlandi. 

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 2 mingdan ortiq mas’ul rasman ogohlantirildi, 303 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi, 89 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Yetkazilgan 11,4 milliard so‘m zarar undirilishi ta’minlandi. 

Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rilgan choralar natijasida mahallalarning 7 ming 762 tasida yoki 82,2 foizida jinoyat qayd etilmadi. 1 ming 364 tasi yoki 14,4 foizida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishildi. 

Tezkor-qidiruv sohasida ham nazorat kuchaytirilib, noaniq sharoitlarda sodir etilgan 4 ming 562 ta jinoyat fosh etilishi hamda qidiruvda bo‘lgan 1 ming 265 nafar shaxsning ushlanishi ta’minlandi. 

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovda qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash choralari doirasida surishtiruv va tergov organlarining 10 ming 602 nafar shaxsga nisbatan 8 ming 505 jinoyat ishi o‘rganilib, sudlarga yuborildi. Bevosita prokuratura organlari tomonidan 2 ming 323 jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov o‘tkazilib, 1 ming 960 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 288 jinoyat ishi sudlarga yuborildi, jinoyat oqibatida yetkazilgan 602,5 milliard so‘mlik zarar undirildi. 

Aholiga yangi qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida 23 ming 475 tadbir tashkil etildi. Shundan 7 mingdan ziyodi ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirildi. Bosh prokuratura rasmiy veb-saytida 633, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda keng jamoatchilik uchun qiziqarli bo‘lgan 1 ming 899 ma’lumot, tezkor xabarlar, rezonansga sabab bo‘lgan voqea va hodisalar haqidagi axborotlar e’lon qilindi. 

Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. 

N.Abduraimova, O‘zA