Joriy yil 6 oyida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 102 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 248 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.
Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolar va davlat manfaatlariga yetkazilgani aniqlangan 1,3 trillion so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, prokurorlar tashabbusi bilan 842 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 5 ming 389 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirilgan.
Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, qariyb 9 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan. 18 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.
Aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida prokuratura organlari aralashuvi natijasida ko‘plab muammolar bartaraf etilishiga erishilgan. Yoqilg‘i-energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 70 mingta reyd tadbirlari davomida 67 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 758 milliard so‘m zarar undirilgan.
Prokuror nazorati tadbirlari o‘laroq, davlat dasturlariga kiritilgan 5 ming 661 qurilish ob’ektining o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi, 3,7 trillion so‘m mablag‘lar tejalishi ta’minlangan.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xufiyona aylanmalar ko‘lamini keskin qisqartirish, moliya tizimi barqarorligini yanada mustahkamlash borasida yuklatilgan vazifalar ijrosi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmoqda.
Yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida o‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlangan 861 gektar yer maydonlari zaxiraga qaytarilishi ta’minlangan. Shuningdek, 626 gektar yer maydonlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 977 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 120 ming murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va 29 ming nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan.
N.Abduraimova,
O‘zA