Prezidentimizning 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” va 2022 yil 17 noyabrdagi “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bosh prokuratura mas’ul xodimi Farruh Sultonov mazkur hujjatlar ijrosi va qurilishga oid davlat dasturlari ijrosi haqida ma’lumot berdi:
– Joriy yilning o‘tgan davrida qurilish sohasidagi izchil nazorat tadbirlari amalga oshirildi. Prokuratura organlari tomonidan investitsiya dasturidagi 2 ming 530, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi 996, Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturidagi 1 ming 420 hamda “Tashabbusli byudjet” dasturidagi 3 ming 864 ob’ektda qurilish ishlarining sifatli bajarilishi va ajratilgan mablag‘ning maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga asosan “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va vazifalar ijrosini ta’minlashga ko‘maklashildi.
Qaror ijrosi doirasida reja-jadvalga asosan Respublikadagi ob’ektlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Yuklatilgan vazifalar ijrosi “respublika – viloyat – tuman” darajasida kunlik muhokama qilinib, mavjud muammolarning joyida hal etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan 1 trillion 400 milliard so‘mlik shartnomalar tuzilib, ob’ektlarga 1 trillion 100 milliard so‘mlik qurilish materiallari yetkazib berilishi ta’minlandi. 747 ta maktab va bog‘chadagi qurilayotgan binolardan samarali foydalanish orqali 184 mingta o‘quv o‘rnini qo‘shimcha 107 mingtaga ko‘paytirishga imkoniyat yaratildi.
Qurilishi sust olib borilayotgan ob’ektlarga qo‘shimcha 357 ta brigada yoki 8 ming 74 nafar ishchi jalb qilinib, ikki smenada ish tashkil etildi, 2 ming 62 ta maxsus texnika va 346 nafar mutaxassis jalb qilindi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mingdan ziyod noqonuniy qurilmalar aniqlanib, barchasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ijtimoiy soha ob’ektlari, shu jumladan, maktab, bog‘cha va shifoxonalar hududidagi 42 noqonuniy qurilma bartaraf ettirildi.
Uy-joy qurilishiga talab yuqori bo‘lgan hududlar va “Yangi O‘zbekiston” massivlarida jami 36 ming 78 xonadonli 802 ta uy-joy qurildi. Massivlarni qulay infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 123 km. ichimlik suvi va 128 km. oqova suv tarmog‘i tortildi, 18 ta suv inshooti o‘rnatildi, 52 km. yo‘l, 42 km. tabiiy gaz quvuri, 144 km. elektr tarmog‘i tortilib, 138 dona yangi transformatorlar o‘rnatildi.
Massivlarda yashovchi aholi uchun 16 ta maktab, 23 ta maktabgacha ta’lim va 14 ta tibbiyot ob’ektlari qurilib, foydalanishga topshirildi.
2025 yil uchun mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi jamoatchilik fikri asosida shakllantirildi.
Shtablar tomonidan har bir ob’ekt joyiga chiqqan holda xatlovdan o‘tkazilib, 2 trillion so‘mlik 300 taga yaqin ob’ekt dasturga asossiz kiritilishining oldi olindi.
Kelgusi yilda yangidan boshlanuvchi 876 ta ob’ektga 7,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Ushbu ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari puxta ishlab chiqilishi va byudjet mablag‘larini iqtisod qilish ustidan alohida nazorat o‘rnatilgan.
O‘z navbatida, ob’ektlarda o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida 1 ming 963 holatda sifatsiz bajarilgan 54 milliard so‘mlik hamda 722 holatda hisobotlarga qo‘shib yozilgan 73 milliard so‘mlik ishlar bartaraf ettirilib, sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olindi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida 11 ming 455 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi. Hozirda davlat dasturlari ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA