Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga press-tur tashkil etildi
17:45 / 2021-04-07

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga press-tur tashkil etildi.

Ma’lumki, pochta xizmati muhim strategik ahamiyatga ega. Har qanday ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmaydi. Aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi. Bu esa bojxona sohasi xodimlaridan doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, tizimga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, pochta xavfsizligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarni doimiy takomillashtirishni talab qiladi.

Press-turda OAV vakillari “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining “Xalqaro pochtamt” bojxona punkti, “O‘zbekiston pochtasi” DUKning “Xalqaro pochta” filiali hamda “EMS” (Express Mail Service) ekspress pochta xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

– O‘zbekiston pochtasida 100 dollargacha bo‘lgan pochta jo‘natmalari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi, – deydi “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti inspektori Komil Qodirov. 

– Bu kurerlik jo‘natmalaridan ajraladi. Bir kvartal ichida 1000 dollargacha o‘z ehtiyoji uchun imtiyoz olish mumkin. Bojxona nazoratida, birinchi o‘rinda pochta jo‘natmalari bojxona tekshiruvidan o‘tkaziladi. Xorijdan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini mamlakatimizga olib kelishda ma’lum bir cheklovlar mavjud. Jumladan, Prezidentimizning 2018 yil 6 iyundagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun bir kalendar chorak mobaynida ming AQSH dollarigacha hamda xalqaro pochta jo‘natmalarida har bir jo‘natma uchun yuz AQSH dollarigacha bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan chegaralangan normalar belgilangan. Pochta jo‘natmalari bojxona nazoratidan o‘tib bo‘lganidan keyin O‘zbekiston Respublikasida erkin muomalaga chiqariladigan tovar sifatida ko‘riladi va Milliy pochta operatori tomonidan uni tegishli manzilga yetkaziladi. Pochta jo‘natmalarini manziliga yetkazish bojxonaning zimmasida emas, balki pochta operatori zimmasida bo‘ladi.

Ushbu bojxona posti O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan va undan chiqib ketayotgan barcha xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari ustidan bojxona nazoratini amalga oshiradi. Bojxona punkti zamonaviy rentgen qurilmalari bilan jihozlangan.

[gallery-1939]

Press-tur davomida ishtirokchilar “Bosh pochtamt” bojxona posti ma’muriy binosi faoliyati bilan ham tanishdi. U yerda jo‘natmalarining bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvi, xalqaro kurerlik jo‘natmalarini dastlabki elektron bojxona deklaratsiyalash tartibi, bojxona nazorati jarayonida bojxona postida fosh etilgan turli nayranglar, qing‘irliklar haqida taqdimot namoyish etildi.

– Xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun normalar mavjud, — deydi “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti inspektori Shahobiddin Normatov. 

– Jumladan, 1000 AQSH dollari miqdorida hamda tovarlar tadbirkorlikka mo‘ljallanmagan bo‘lishi kerak. Yuridik shaxslar uchun esa 100 AQSH dollaridan ortiq bo‘lmagan holda bojsiz olib kirish mumkin. Ushbu normadan oshgan taqdirda jo‘natmalar vaqtincha saqlash omborida saqlanadi. Keyinchalik bular bojxona rasmiylashtirish jarayonlaridan so‘ng egalariga yetkaziladi. Bir kunda 5 mingdan 7 mingtagacha xalqaro kurer jo‘natmalari bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Bu degani, 18-20 tonna xalqaro pochta kurerlik jo‘natmalari bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Yana bir yangilik, ilgari bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im mavjud edi. Hozirda ushbu bojxona yig‘imi deyarli besh baravarga qisqartirildi. bugungi kunda O‘zbekistonga kelayotgan xalqaro kurerlik jo‘natmalarining 40 foiziga yaqini internet do‘konlaridan buyurtma qilinayotgan jo‘natmalar hisoblanadi.

“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1 million 363 ming tonna xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati amalga oshirilib, 94 milliard so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga o‘tkazilgan.

Bojxona postida huquqbuzarliklarga qarshi kurash borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, post xodimlari tomonidan boshqarmaning tezkor tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikda 3 oy davomida 39 ta huquqbuzarlik fosh etilib, 39 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar mamlakatimizga noqonuniy kirib kelishining oldi olingan.

 

Sh.MAMATUROPOVA,  T.MADAMINOV (surat), O‘zA