Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh muharrirlar o‘quvchilari huzuriga bordi
12:30 / 2025-09-17

Guliston shahridagi 2-umumta’lim maktabida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda ta’lim yo‘nalishiga ixtisoslashgan nashrlar –“Ma’rifat”, “Tong yulduzi” gazetalari hamda “Gulxan” va “G‘uncha” jurnallari bosh muharrirlari ishtirok etdi. Pedagogika va bolalar kitobxonligi masalalari keng muhokama qilindi, fikrlar almashildi.

Uchrashuvni olib borgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov bosma nashrlarning bolalar tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

– O‘sib kelayotgan avlodni telefon va ijtimoiy tarmoq qulligidan himoya qilishda, bosma nashrlarga obunani kuchaytirish zarur, – dedi u. – Mamlakatimizda har bir pedagogika yo‘nalishidagi nashrning nusxasi hozircha 3,5 mingdan 6 ming nusxagacha bo‘lib, yurtimizda 10 mingdan ortiq maktab borligini hisobga olganda, bu ko‘rsatkich pastligini ko‘rsatadi.

– Bosma nashrlar savodli tayyorlanishi, ma’naviy va ma’rifiy jihatdan ijtimoiy tarmoqlar va turli saytlardan ancha ustun. Aqalli, maktab kutubxonasiga bir nusxa obuna tashkil qilinsa, maktab moliyaviy jihatdan qiynalib qolmaydi,– dedi “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov.

“Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova esa hamkasbini davom ettirib, shunday dedi:
– Bola gazeta va jurnal o‘qimasa, ayb kattalarda. Bosma nashrlarga obuna bo‘lib, farzandlarimizni mutolaga chorlashimiz lozim.

“G‘uncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikova bolalar nashrlarining kitobxonlikka chorlaydigan ahamiyatini ta’kidlab, barcha pedagoglar va ota-onalarni ushbu ishda hamkorlik qilishga chaqirdi. “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Oripova esa sirdaryolik o‘quvchilarni o‘z nashrlari sahifalarida faol qatnashishga da’vat etdi.

Uchrashuv so‘nggida nashrlar bosh muharrirlari tanlovlarda g‘olib chiqqan o‘quvchilar va maktab kutubxonalariga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Bosh muharrirlar bilan bu ijodiy uchrashuv nafaqat ta’lim yo‘nalishdagi nashrlarning ahamiyatini yana bir bor o‘quvchilarga tushuntirdi, balki yoshlarning mutolaga qiziqishini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi bunday uchrashuvlarni butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazsa, ayni muddao bo‘lardi.

G‘ulom Primov, O‘zA