Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Davlat kadastrlar palatasining Ellikqal’a filiali bosh muhandisining kirdikorlari fosh bo‘ldi.
Bosh muhandis A.R. fuqaro M.S.ning o‘g‘liga aslida mavjud bo‘lmagan tuman hokimining soxta qarorini asos qilib, 4 sotix yer maydoniga egalik qilish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlab berib, evaziga 500 AQSH dollarini olgan. Shuningdek, A.R. filialning boshqa mas’ul shaxslari bilan til biriktirib, fuqarolar nomiga uy-joylar uchun jami 9 ta holatda 42 sotix yer maydoniga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA