Yakuniga yetayotgan yilda Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodalari, oqilona siyosatlari va xalqimizning fidokorona mehnati evaziga keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda erishilgan muvaffaqiyatlar natijasi bugun har bir hudud va jamoada, har bir oila va shaxs hayotida sezilayotgani qalbimizda quvonch bilan birga, taraqqiyotga daxldorlik tuyg‘usini yanada jo‘shtiradi, desam to‘g‘ri bo‘ladi.
Zero, erishilgan barcha yutuqlarda Navoiy viloyati aholisining ham munosib hissasi borligi bizni g‘ururlantirib, yangi marralarni zabt etishga kuch va shijoat bag‘ishlaydi.
Ayni paytda, davlatimiz rahbari ta’birlari bilan aytganda, g‘oyat murakkab va sinovli kechgan 2022 yil barchamizga “taraqqiyotga faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishilishini” teran anglatdi.
Barchamizga ma’lum, yaqindagina hurmatli Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomalarida mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor bir qator dolzarb masalalar ko‘tarilib, 2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb e’lon qilindi.

Yangi yilga bunday nom berilishi, shubhasiz, O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilanganini hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlar doimiy bo‘ladi, demakdir.
Murojaatnomada mamlakatimizda joriy “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da bajarilgan ishlar qisqacha sarhisob qilinib, xalqimizning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda bayon etilgan olti yo‘nalish berildi. Ushbu yo‘nalishlar, shubhasiz, tobora rivojlanib borayotgan Yangi O‘zbekistonimizning barqaror istiqbolini belgilab beradi.
Shu o‘rinda, 2022 yil yakuniga ko‘ra kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari va natijalariga qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Avvalo, joriy yil yakunlari bo‘yicha viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yil yakunida yalpi hududiy mahsulot hajmi 105,6 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 105,5 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 103,3 foizga, qurilish-pudrat ishlari 108,2 foizga, xizmatlar hajmi 113,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shuningdek, aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2021 yilga nisbatan 8 million so‘mga oshib, 80 million so‘mni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 1 million so‘mga oshib 15 million so‘mni, xizmatlar hajmi 1,8 million so‘mga oshib 9 million so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, joriy yilda belgilangan 177 ming nafar aholini doimiy va mavsumiy ishlarga band qilish dasturining ijrosi 105 foiz (186,3 ming nafar)ga bajarilishi, aholining ishsizlik darajasi yil boshidagi 8,8 foizdan 7,8 foizga kamayishi kutilmoqda.
Byudjetga 3 trillion 435,8 milliard so‘mlik, shundan mahalliy byudjetga 2 trillion 431,6 milliard so‘m tushumlar tushirish hamda viloyat ixtiyoriga 410 milliard so‘m erkin qoldiq mablag‘lari qolishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz tomonidan amaliyotga kiritilgan ijtimoiy daftarlar asosida aholining ko‘makka muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar ham tizimli ravishda davom etmoqda. Joriy yilda "Temir daftar"ga kiritilgan 19 ming 782 ta oilaga hamda "Yoshlar daftari" va "Ayollar daftari"ga kiritilgan jami 34 ming nafardan ziyod fuqarolarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatildi, jami mazkur 3 ta jamg‘armaga mahalliy byudjetdan 78,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

“Temir daftar”dagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 28,4 milliard so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi. bugungi kunda “Temir daftar”da qolgan 77 ta oila (265 nafar oila a’zosi)ni ijtimoiy holatini yaxshilash bo‘yicha barcha amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yil boshida “Ayollar daftari” bo‘yicha xatlov o‘tkazilib, 20 ming 444 nafar xotin-qizlar mazkur daftarga kiritilgan.bugungi kunda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 20 ming 436 nafari (99,9 foiz)ga jami barcha manbalar hisobidan 60,3 milliard so‘m miqdorida yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, ishsiz 5 ming 995 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand 2 mingdan ziyod xotin-qizlarga 21,8 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi. 765 ta xotin-qizlarimizning uy-joy sharoitlari yaxshilandi.
Shu bilan birga, 2022 yilda 16 ming 764 nafar ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritildi hamda daftardagi 16 ming 64 nafar (84,9 foiz) yoshlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan. Joriy yil mobaynida “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali viloyatdagi yoshlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida jami 30,3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

2022 yil yakuni bilan qolgan 700 nafar (15,1 foiz) yoshlarga ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatilib, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan yoshlarni 100 foiz daftardan chiqarishga erishiladi.
Ma’lumki, aholining eng ko‘p foydalanadigan infratuzilma ob’ektlarining asosiy yo‘nalishlari yo‘l, ichimlik suvi, elektr ta’minoti hisoblanadi. Viloyatimizda bu borada ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, joriy yilda 932 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, 17 foiz ichki yo‘llarning ahvoli yaxshilandi. Shu yilning o‘zida 332 kilometr ichimlik suv tarmog‘i qurilib, ta’minlanganlik darajasi yil boshiga nisbatan 68,2 foizdan 76 foizga yetdi.
Elektr ta’minoti 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida hududlarda 1333 kilometr elektr uzatish tarmog‘i, 338 dona transformator punkti va 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar mukammal hamda 2926,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 826 dona transformator punktlari joriy ta’mirlangan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 25 mingdan ortiq oilalar, 1,4 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’etlarining elektr ta’minoti yaxshilandi.
Shuni alohida qayd etish joizki, 2022 yil davomida viloyat bo‘yicha 208 ta ob’ektda muqobil energiya manbalari joriy etildi. Jami 163 ta ob’ektda quvvati 2034 kVtli quyosh panellari o‘rnatilib, natijada 1 oyda 449,7 ming kVt soat yoki 202,4 million so‘mlik elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, viloyat hududida 47 ta ob’ektda jami 4490 litr (224.5 Gkal)ga teng bo‘lgan quyosh suv isitish moslamalari o‘rnatildi.
Bundan tashqari, “Obod qishloq” va Obod mahalla” dasturlari asosida olib borilayotgan ishlar davomida mahalla ko‘chalarini kunning qorong‘u vaqtida yoritish maqsadida jami 450 ta quyosh panelida ishlovchi yoritgichlar o‘rnatildi.
Viloyatda 2022 yil yakuniga qadar qo‘shimcha ravishda 20 ta ob’ektda 300 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 43 ming litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari va 200 dona quyosh yoritish uskunalari o‘rnatiladi.
Ayni paytda, viloyatimizda uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni ham faxr bilan e’tirof eta olamiz. Jumladan, shu yilning o‘zida 3236 xonadonli 45 ta ko‘p qavatli uylar qurildi, natijada 14 ming nafardan ortiq aholi uy-joy bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish dasturi doirasida viloyatning Karmana tumani “Do‘stlik” MFY hamda Qiziltepa tumanining “Malikobod” MFY hududlaridagi massivlarda qurilishi belgilangan jami 620 xonadonli 26 ta ko‘p qavatli uy-joylardan bugungi kunda 21 tasida asosiy qurilish ishlari tugallanish arafasida turibdi.
Sir emas, investitsiya – iqtisodiyotga quvvat bag‘ishlovchi, uning rivojlanishini jadallashtiruvchi omil sanaladi.
2022 yilda Navoiy viloyatida Hududiy investitsiya dasturi doirasida joriy yil yakuniga qadar jami 4,5 trillion so‘mlik 830 ta loyiha amalga oshirilishi va 8,7 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda va bu orqali belgilangan rejamizni ortig‘i bilan ado etamiz.

Shu bilan birga, joriy yil yakuniga qadar jami 244,2 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish prognozi belgilangan. O‘tgan yanvar-noyabr oylari uchun xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish 166,9 million dollar rejalashtirilgan, amalda 168,4 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirildi va prognoz 101 foizga ta’minlandi. Yil yakuniga qadar jami 245,2 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, prognoz 100,4 foizga bajariladi.

Viloyatning eksport rejasi 2022 yilda 201 million dollar etib belgilangan bo‘lib, shundan yanvar-noyabr oylarida amalda 182,6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Yil yakuniga qadar reja 100 foizga bajariladi hamda 2021 yilga nisbatan 19,7 mln. dollarga ko‘p eksport amalga oshiriladi va eksport geografiyasi 45 ta davlatga yetkazilib, 10 ta yangi bozorlar o‘zlashtirilishi kutilmoqda.
bugungi kunda Navoiy viloyatida jami 3966 ta sanoat korxonasi, shundan 27 ta yirik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yil 11 oy yakuni bilan jami sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 76,8 trillion so‘mga, o‘sish sur’ati 105,2 foizga teng bo‘ldi. Shundan, hududiy sanoat korxonalari tomonidan 5,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, ko‘rsatkich 116,7 foizga o‘sgan.

Jami sanoat tarkibida hududiy sanoatning ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,8 foizdan 7,4 foizga ortdi.
2022 yil yakuni bilan jami sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 83,9 trillion so‘mga (105,5 foiz), hududiy sanoatni 6,3 trillion so‘mga (112,9 foizga) yetkazish rejalashtirilgan.
Joriy yil viloyatimiz aholisi uchun yana bir jihatdan qadrli va ahamiyatli bo‘ldiki, u ham bo‘lsa hurmatli Prezidentimiz 25 noyabr kuni viloyatimizga amalga oshirgan tashriflari doirasida Navoiy viloyatini respublikaning Namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi 5 ta tashabbusni ilgari surdilar. Eng muhimi, davlatimiz rahbari ushbu tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmini ham belgilab berdilar.

Jumladan, Elektr energiyasini tejash, “Yashil makon” dasturini amalga oshirish, yaylovlarni ishga solish orqali echkichilik va qo‘ychilikni keskin rivojlantirish, infratuzilma ob’ektlari qurilishida resurslarni 30 foizgacha tejash hamda yoshlarning taklif va istaklarini o‘rganish va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish bo‘yicha Xatirchi tumani misolida "Navoiy viloyati tajribasi"ni joriy etish tashabbuslarini amalga oshirish natijasida “Navoiy viloyatini ishsizlik va kambag‘alchilik to‘liq bartaraf etilgan hududga aylantirish” barchamizning 2023 yildagi eng asosiy vazifamiz bo‘ladi.
Ushbu tashabbuslarning ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatni 2023-2024 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va uni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlab yuborildi.
Kuni kecha hudud yoshlari bilan o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida yoshlarimizning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi, ularni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Ochiq, samimiy, ayni paytda qizg‘in savol-javoblarga boy o‘tgan uchrashuv yakunida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalari hamda intelektual tanlovlarning viloyat bosqichi g‘oliblari, bir qator sport turlari bo‘yicha Osiyo va Xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilgan yoshlar taqdirlandi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” respublika bosqichida viloyatlardan ishtirok etgan 3000 ming nafardan ortiq yoshlar orasida viloyatimiz ishtirokchilarining 38 nafari munosib qatnashib, respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Viloyat bosqichida ishtirok etgan 550 dan ortiq yoshlarga qariyb 1 milliard so‘mdagi turli qimmatbaho sovg‘alar berildi. Shuningdek, 16 nafar “Mehribonlik uyi” bitiruvchilariga Prezidentimiz tomonidan sovg‘a qilingan yashash xonadonlarining kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, amalga oshirayotgan ishlarimizning bosh maqsadi – jonajon Vatanimiz – Yangi O‘zbekistonimizni dunyoning eng taraqqiy etgan, jahon xalqlari havas qiladigan mamlakatga aylantirish, yurtimiz aholisini eng farovon va baxtiyor turmush kechirishiga erishishdan iborat. Zero, rivojlanish va islohotlar inson qadrining yuksalishiga xizmat qilgandagina hayotiy va samarali bo‘ladi.
Normat Tursunov,
Navoiy viloyati hokimi
O‘zA