11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
Inson qadrini ulug‘lash, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan izchil islohotlarda kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon NURALIEV amalga oshirilayotgan ishlar haqida bizga quyidagilarni gapirib berdi.
– Joriy yil kasaba uyushmalari hayotida esda qolarli, muhim tarixiy yil bo‘ldi, – deydi suhbat avvalida Kasaba uyushmalari viloyat kengashining raisi. – Boisi, 17 oktyabr kuni davlatimiz rahbari tizim faollari va faxriylari bilan muloqot qilib, bir qator tashabbus va takliflarni ilgari surdi. Albatta, ushbu muloqot mamlakatimizda inson mehnatini ulug‘lash, uning haq-huquqini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lgani bilan ahamiyatlidir.
O‘tgan besh yil O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi uchun ham barakali va sermahsul bo‘ldi. Qurultoydan qurultoygacha bo‘lgan davrda a’zolarning ishonchini oqlashga astoydil harakat qilindi.
Ma’lumki, bu yil kasaba uyushmalari tizimida hisobot-saylov yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Avvallari kasaba uyushmasi yetakchiligiga ja-
moadan bir nafar nomzod ko‘rsatilar va ochiq ovoz berish yo‘li bilan aniqlanar edi. Joriy yilgi saylovlarda esa ko‘pchilik nomzodlar orasidan raislar yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanishi chinakamiga adolatli bo‘ldi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 2022 yilda viloyatimizning So‘x tumanida 200 o‘rinli “So‘x”, 2025 yilda Farg‘ona tumanida yana shuncha o‘rinli “Bilimdon” bolalar oromgohlari bun-
yod etildi. Jahon standartlariga to‘liq javob bera oladigan bu zamonaviy oromgohlarning qisqa vaqtda qurilib, foydalanishga topshirilishi mamlakatimizda yosh avlodga yuksak e’tibor qaratilayotgani, ularni ma’nan va jismonan sog‘lom insonlar qilib tarbiyalash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlari darajasiga ko‘tarilganligining yorqin dalilidir.
Bugungi kunda viloyat kengashi o‘z safiga 700 ming nafardan ziyod a’zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Albatta, targ‘ibotda gap ko‘p. 2020 yilda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari soni 3043 tani tashkil etgan bo‘lsa, endilikda 3501 taga yetdi.
Aytish kerakki, kengash bor e’tiborini quyi bo‘g‘inga qaratmoqda. Shu bois, har haftaning seshanba va payshanba kunlari “Boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan ishlash” sanasi etib belgilangan. Viloyat, tuman va shahar kasaba uyushmalari xodimlari tomonidan 2020-2024 yillarda 2982 ta korxona va muassasaning boshlang‘ich tashkilot yetakchisiga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ham samarali faoliyat olib borildi. Korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan fuqarolardan kelib tushgan 64 521 ta murojaatdan
48 595 tasi yoki 75 foizi ijobiy hal etildi, qolganlari bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi. Xodimlarning huquq va manfaatlarini ko‘zlab ish beruvchilarga 224 ta taqdimnoma kiritilib, ularning 196 tasi bo‘yicha ish beruvchilar ishtirokida murojaatchilar huquqlari tiklandi. Mehnat nizolarini qonunan hal qilish bo‘yicha 332 marta sudlarga da’vo arizalari kiritilib, 284 tasi yoki 85 foizi bo‘yicha ijobiy hal qiluv qarorlari chiqarilishiga erishildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2269 nafar xodimning huquq va manfaatlari tiklanib, ish haqi va boshqa to‘lovlar uchun 17 milliard 794 million so‘m mablag‘ undirib berildi. Taqqoslash uchun shuni aytish joizki, 2020 yilda xodimlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida ish beruvchilardan 2 milliard 447 million so‘m mablag‘ undirilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 5 milliard 882 million so‘mni tashkil qildi.
“Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, 2020 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnat inspeksiyasi tashkil etilishi xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoyalashda muhim omil bo‘ldi. O‘tgan davrda inspektorlar tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan 230 ta tashkilotda jamoatchilik nazorati amalga oshirildi hamda kelib tushgan 327 ta murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 143 nafar fuqaroning huquqlari tiklandi.
Xodimlarga munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish borasida 78 ta boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotida mehnat muhofazasi sohasidagi ishlar holati o‘rganilib, aniqlangan 46 ta kamchilik bo‘yicha ish beruvchilarga 16 ta taqdimnoma kiritildi, ularning barchasi bartaraf etilishiga erishildi.
Har yili tashkilotlar, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari faollari ishtirokida “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida davra suhbatlari jamoatchilik eshituvlari shaklida o‘tkazilib, ularda a’zolar tomonidan ko‘tarilgan, yechimi davlat idoralariga bog‘liq bo‘lgan muammo va takliflar muhokama qilinishi yaxshi an’anaga aylandi. Ana shunday tadbirlarda hudud va tarmoq darajasida 200 ga yaqin masala joylardagi mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida, 10 dan ortig‘i esa respublika miqyosidagi tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari bilan birgalikda yechimini topdi.
Xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida 2020 yilda 8815 ta tashkilotda jamoa shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, o‘tgan yilga kelib ularning soni 12 ming 736 taga yetdi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida ichki turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tizimdagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan qariyb 97266 nafar, jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 7 ming nafar mehnatkash va ular oila a’zolarining tarixiy shaharlarga hamda o‘z hududlaridagi qadamjolar, diqqatga sazovor joylarga sayohatlari uyushtirildi.
Sanatoriylarda 2020-2024 yillar davomida 35 mingdan ziyod ishchi-xodimlar sog‘lomlashtirildi. Ulardan 12 903 nafari imtiyozli va 1056 nafari bepul yo‘llanmalar asosida salomatliklarini tikladi. 42 847 nafar bolalar so‘lim oromgohlarda sog‘lomlashtirildi.
Qo‘shni mamlakatlar bilan olib borilayotgan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Oqilona siyosat tufayli chegara postlari ochildi, rishtalar mustahkamlanishiga erishildi. Shu o‘rinda buning isboti sifatida bir necha yildan buyon qirg‘izistonlik va tojikistonlik o‘g‘il-qizlar viloyatimizdagi so‘lim oromgohlarda dam oldirilayotganini aytib o‘tish lozim.
Bugungi kunda kasaba uyushmalari nafaqat mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilmoqda, balki ularning turmush darajasini yanada yaxshilashga, sog‘lomlashtirish va bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA