Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh maqsad – O‘zbekiston iqtisodiy xavfsizligi yo‘lida xizmat qilish
18:01 / 2021-12-21

O‘zbekiston Respublikasining poytaxti – Toshkent shahri nafaqat mamlakatning siyosiy jihatdan, balki, iqtisodiyot, sanoat, xizmat ko‘rsatish, fan, madaniyat, ta’lim va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ham eng yirik markazi hisoblanadi.

2200 yildan ortiq tarixga ega Toshkent shahrining geografik joylashuvi qulayligi bois bu hududda azaldan savdo, shu jumladan, bojxona munosabatlari jadal rivojlanib kelgan va hozir ham shaharda tashqi savdo yuklari va yo‘lovchilar oqimi juda gavjum.

bugungi kunda shaharda yirik ishlab chiqarish ob’ektlari, muhim logistika markazlari, minglab korxona va zavodlar faoliyat yuritayotganini inobatga olsak, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi faoliyatining qamrovi naqadar keng, shunga yarasha poytaxt bojxonachilari zimmasiga yuklangan mas’uliyat ham ulkan ekanligi ayon bo‘ladi.

Hozirda boshqarma tasarrufida 8 ta bojxona postlari faoliyat yuritadi.

Mazkur postlarning 6 tasi – “Toshkent-tovar”, “Arqbuloq”, “Chuqursoy”, “Sirg‘ali”, “Chet el vakolatxonalari” va “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari hamda 2 tasi – “Chuqursoy texnik idorasi” hamda “Keles” temir yo‘l chegara bojxona postlaridir.

So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan tub islohotlar poytaxtdagi tashqi savdo aylanmasining jadal o‘sib borayotganligida ham o‘z ifodasini topmoqda. 2021 yilga kelib, Toshkent shahrida tashqi savdo ishtirokchilari soni 2016 yilga nisbatan 60 foizga o‘sib, hozirda 12 mingdan oshdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan bojxona sohasida qulayliklar va imtiyozlar taqdim etish orqali poytaxtdagi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlarining erkin va ravon faoliyat yuritishlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Toshkent shahridagi “O‘ztransgaz”, “Texnopark”, Toshkent quvur zavodi, Toshkent metallurgiya zavodi, “O‘zbektelekom”, “O‘zelektroapparat”, “Uztex”, “Grand pharm trade”, “Procab”, “Techno export”, “Techno continental”, “Zelal tekstil”, “Coca-cola” kabi yirik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga sifatli va tezkor bojxona xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Qolaversa, so‘nggi 5 yilda poytaxtda tashkil qilingan 7 ta kichik sanoat zonalarida hozirda faoliyat yuritayotgan 500 dan ortiq korxonalarga bojxona imtiyozlarini keng tatbiq qilish, xususan, ularning chetdan keltirilayotgan xorijiy texnologiya, asbob-uskunalari va xom ashyoni tezkorlik bilan bojxonada rasmiylashtirish faoliyatning eng dolzarb yo‘nalishiga aylanib bormoqda.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlarining 50 foizidan ortig‘i aynan Toshkent shahar bojxona boshqarmasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Toshkent-tovar”, “Arqbuloq”, “Chuqursoy”, “Sirg‘ali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida 2017-2021 yillarda yuk avtotransporti va temir yo‘lda tashilgan qiymati 46,5 milliard dollarlik 66,7 million tonna yuklarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi amalga oshirildi. Bu uchun sarflanayotgan vaqt esa sohaga tatbiq qilingan ilg‘or axborot tizimlari ko‘magida o‘rtacha 2 barobarga qisqardi.

[gallery-5169]

Ilgari tovar va transport vositalari yoppasiga yalpi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan bo‘lsa, hozirda mazkur postlarda 75,6 foiz yuklar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda.

Bojxona ishi serqirraligi bilan ajralib turadi. Bojxona xodimlarining xalqaro aeroportlarda, temir yo‘l va avto o‘tkazish punktlarida, daryo portida, yirik logistika markazlarida ko‘rishga odatlanib qolganmiz.

Ammo, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tarkibida yana bir o‘ziga xos va respublikamizda yagona bo‘lgan “Chet el vakolatxonalari” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti ham bo‘lib, mazkur post O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan 600 dan ortiq chet el vakolatxonalari, diplomatik maqomga ega bo‘lgan elchixonalar hamda konsullik idoralariga xizmat ko‘rsatadi.

Jumladan, mazkur tashkilotlar tomonidan rasmiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan tovar va transport vositalari shuningdek, mamlakatimizning investitsion muhiti, eksport salohiyati samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan turli xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarda ishtirok etish maqsadida olib kelinayotgan tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi. Ayniqsa, turli millat vakillariga mansub xorijiy shaxslarning milliy an’ana va qadriyatlarini ifodalovchi buyumlarini ham bojxonada rasmiylashtirish o‘ziga xos va qiziqarli jarayon hisoblanadi.

Bojxona posti O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi hududida joylashgan.

“Chet el vakolatxonalari” postida xizmat olib borish bojxona xodimlariga o‘ziga xos mas’uliyat yuklaydi. Aynan ularning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezkorlik bilan amalga oshirishlari va xushmuomalasi timsolida chet el diplomatik shaxslarining milliy bojxonamiz haqida, pirovardida esa butun mamlakatimiz haqidagi tasavvurlari shakllanadi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tasarrufidagi o‘ziga xos bojxona postlaridan yana biri “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postidir.

Pochta xizmati muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lib, har qanday ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik, favqulodda vaziyatlarda ham bu xizmatga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmaydi. Shuningdek, zamonaviy dunyoda tovarlarni uydan yoki idoradan chiqmasdan turib, onlayn ravishda xarid qilish ko‘lami ortayotgani bois kurerlik jo‘natmalari harakati ham tobora va shiddatli tarzda o‘sib bormoqda.

Respublikamizda 2017 yildan so‘ng bojxona sohasida joriy qilingan ko‘plab yengilliklar va qulayliklar qatorida shaxsiy foydalanish uchun pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali yuboriladigan tovarlarning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan me’yorlari yanada takomillashtirildi.

Natijada, birgina “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida 2021 yil davomida 2 million donaga yaqin yoki 5 ming tonnadan ziyod xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazildi. Besh yil avvalgi raqamlar bilan solishtirilganda, jo‘natmalar soni 1,8 barobarga, og‘irligi esa 1,5 barobarga oshgan.

Bu esa mazkur bojxona posti xodimlaridan doimiy ravishda o‘z ustida ishlash va tizimga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish orqali O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlarni bojxona nazoratidan o‘tkazish samaradorligini yanada oshirishni taqozo etadi.

“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti 2018 yildan e’tiboran zamonaviy bojxona terminalida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Shuningdek, bojxona postining “Xalqaro pochtamt” bojxona punkti ham mavjud. Postda bojxona nazorati jarayonlari avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshirilib, ko‘rik jarayonlarida zamonaviy skaner va rentgen qurilmalaridan keng foydalaniladi. Jo‘natmalar uchun zamonaviy bojxona omborlari ham bunyod etilgan.

Hozirda postda kuniga o‘rtacha 15-18 tonna yoki 7-8 ming dona xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi yuzaga keltirgan murakkab vaziyat narkotik vositalarining transchegaraviy aylanmasi va narkotrafikka ham o‘zining sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi. Dunyo bo‘ylab davlatlar tomonidan chegaralararo harakatlanishda joriy qilingan cheklovlar sababli, narkotik vositalarni Internet tarmog‘idagi yashirin segmentlar orqali buyurtma berish hamda pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali yuborishga urinishlar ko‘paya boshladi.

Qolaversa, kundan kunga yangi turdagi psixofaol sintetik va yarim sintetik narkotiklarning “ixtiro” qilinayotganligi, ularni jo‘natmalarda mineral o‘g‘itlar, biologik faol qo‘shimchalar kabi boshqa nom ostida yuborish holatlari ham “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlarining mas’uliyati va ziyrakligini yanada oshiradi.

Raqamlarga ko‘ra, 2017-2021 yillar davomida jo‘natmalar orqali 8,3 kg dan ziyod narkotik, xususan sintetik narkotik moddalar, 700 ming donaga yaqin psixotrop moddalarni olib kirishga bo‘lgan urinishlar fosh qilindi.

Umuman olganda so‘nggi 5 yil davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, jumladan, kontrabanda va bojxona qonunbuzilishlariga qarshi kurash yo‘nalishida 2017-2021 yillar davomida 9,7 mingdan ortiq holatlar fosh qilinib, natijada 100 kg.ga yaqin giyohvandlik vositalari, 27,6 ming donaga yaqin psixotrop moddalar, 3,9 mingdan ziyod qurol-yaroq va o‘q-dorilarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi.

Kelgusida ham quyidagilar yo‘nalishlar – kontrabanda va bojxona qonun buzilishiga qarshi murosasiz kurashish;

– fiskal vazifalarni ortig‘i bilan bajarish, bojxona to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri undirish;

Bunda, ilg‘or usullarni qo‘llagan holda bojxona nazoratini olib borish.

– zamonaviy texnologiyalar va maxsus texnik vositalarni qo‘llagan holda faoliyat samaradorligini oshirish;

– bojxona protseduralarini soddalashtirish, xavfni boshqarish mexanizmlari orqali halol tadbirkorlarga imtiyozli bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish;

– kadrlar salohiyatini oshirish va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish boshqarmaning asosiy strategik yo‘nalishlari bo‘lib qoladi.

Tolibjon SAIDOV,

Toshkent shahar bojxona

boshqarmasi boshlig‘i.