Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh maqsad – inson qadri va farovonligini oshirish
17:03 / 2025-09-24

Munosabat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida O‘zbekiston ovozi beshinchi bor yangradi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zga chiqib, O‘zbekistonning ochiq va pragmatik siyosati, global va mintaqaviy xavfsizlik, barqaror rivojlanish bo‘yicha navbatdagi muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi yuksak darajada rivojlangan bo‘lib, buning isbotini o‘tgan yillar davomida mamlakatimiz tomonidan umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan 13 ta rezolyutsiya Bosh Assambleyada bir ovozdan qabul qilinganida ham ko‘rish mumkin. Yurtimizda tashkilotning 160 dan ortiq dastur va loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yaqin orada ikki o‘rtada besh yilga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilyapti.  

Davlatimiz rahbari yubiley sessiyadagi chiqishida xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang amalga oshirilayotgan ortga qaytmas izchil islohotlari bilan tanishtirib, undan ko‘zlangan bosh maqsad – mamlakatimizda yashayotgan har bir oila, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.  

Haqiqatan ham mamlakatimizda so‘nggi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlar natijasi xalqimizning kundalik hayotida o‘z aksini ko‘rsatmoqda. Fuqarolarning haq-huquqini himoya qilish, daromadli ish o‘rinlari tashkil qilish va bu orqali turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar kirib bormagan hudud, oila qolmadi hisob.  

Buning isbotini quyidagi misollarda ko‘rish mumkin: izchil islohotlar tufayli qisqa vaqt ichida kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishildi. Iqtisodiyotimiz ikki karra o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi yil yakunigacha 130 milliard dollarga, aholi daromadi esa 3,5 ming dollarga yetishi kutilyapti.  

Faol investitsiya siyosati tufayli shu yilning o‘zida 35 milliard dollar sarmoya evaziga 9 mingdan ortiq yangi korxona, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni tashkil etilmoqda. Umuman olganda, davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga sarflanmoqda va 2030 yilga borib mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga erishiladi. Buning uchun imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli.

Albatta, bu muvffaqiyalar ortida ta’limga, ilm-fan taraqqiyotiga berilgan e’tibor yotibdi. Chunki, bu sohalarni rivojlantirmay turib, farovonlik haqida gapirish befoyda. O‘tgan sakkiz yilda ta’lim, ilm-fanga ajratilgan mablag‘ olti karra oshirilib, 378 trillion so‘mni tashkil qildi.      

Davlatimiz rahbari ham Bosh Assambleya sessiyasidagi nutqida ushbu masalaga to‘xtalib, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi 9 foizdan 42 foizga yetgani, eng asosiysi, o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si, nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralayotganini qayd etdi. Ana shulardan kelib chiqib, pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Prezidentimiz so‘zining yakunida Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekanini ta’kidlab, xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishga doim tayyorligini bildirdi. Zero, davlatlarning bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi bugun izdan chiqayotgan xalqaro miqyosda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim kafolatidir.

Otabek Jiyanboyev,

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining

Toshkent shahar Kengashi raisi