Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi
14:47 / 2024-03-04

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ish topishda qiynalayotgan yoki qo‘lida gulday hunari bo‘laturib daromadsiz qolgan fuqarolar uchun navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi aynan “Shofirkon Ekvatorial Teks” MCHJda tashkil etildi.

Bu bejizga emas, albatta. Korxona 2009-yildan buyon “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘ini, Naqqosh qishlog‘ida faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda bu fabrikada qishloq chevarlari nafaqat o‘zimizda, balki xorij bozorida ham xaridorgir bo‘lgan bejirim jinsi shimlar, maxsus kiyim-kechaklarni tikmoqda. Hozir mazkur korxona imkoniyatlarini kengaytirish, ish o‘rnini ko‘paytirib, mahsulot salmog‘ini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Fabrikada yuzdan ortiq qishloq ayoli, chevar qizlar mehnat qilib, daromad topishayotgan bo‘lsa, ular orasida mahallaning “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingach, ishli bo‘lib, hayotdan o‘z o‘rnini topganlari anchagina. 

Tuman hokimligi va prokuraturasi, xotin-qizlar bo‘limi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik xizmati hamkorligida tashkil qilingan mazkur mehnat yarmarkasida hududdagi 15 ta korxona, tashkilot va muassasa o‘zlaridagi 200 tadan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

–Tadbirda vaqtincha ishsiz fuqarolar va yoshlardan 250 nafardan ortig‘i qatnashgan bo‘lsa, shulardan 30 nafari o‘zi tanlagan kasb-kor yo‘nalishida ishga joylashish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ldi, –deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Nazir Bekov. –Shuningdek, kasb-hunarga ega bo‘lmagan fuqarolarning 15 nafari o‘qib hunar o‘rganish, ko‘nikmaga ega bo‘lish uchun o‘quv kursiga jalb qilinadigan bo‘ldi. Shu kuni qirqqa yaqin fuqaroga mehnat qonunchiligi, ishlab daromad topish, kasanachilik yo‘nalishiga doir huquqiy maslahat va yo‘l-yo‘riq berilib, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga 20 nafar fuqaro yo‘naltirildi.

Mehnat yarmarkasida yakka tartibdagi tadbirkorlik, fuqarolarning oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar olish tartibi bilan bog‘liq savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri