Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh energetiklar uchun hisobdorlik tizimi joriy etilmoqda
20:04 / 2026-03-10

Energetika sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, elektr va issiqlik energiyasi hamda suv ta’minoti tizimlarining uzluksiz va samarali faoliyati nafaqat korxonalar, balki butun jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega.

Sohadagi ishlar samaradorligini oshirish va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida bosh energetiklar ishtirokida muntazam yig‘ilishlar o‘tkazilishi amalda joriy qilinmoqda.

Bugun mazkur tashkilotda o‘tkazilgan muhokamada joriy yilning yanvar-fevral oylarida sohada amalga oshirilgan ishlar, energetik qurilmalarning texnik holati va energiya resurslarini tejash bo‘yicha ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, korxona va boshqarmalarda “Elektrotexnik laboratoriya” xizmatini tashkil etish, zarur asbob-uskunalarni xarid qilish hamda malakali mutaxassislarni ishga qabul qilish jarayonlari haqida hisobotlar taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, unda elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan ayrim uzilishlar, ularning sabablari va oldini olish choralarini ko‘rish asosiy vazifalardan hisoblanadi. Muloqot davomida jamiyat tasarrufidagi korxonalarning elektr xo‘jaligi, qozonxonalar, nasos stansiyalari va suv ta’minoti tizimlari kabi energetik infratuzilma ob’ektlarining texnik holatiga urg‘u berildi.  

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va energetik qurilmalarning xavfsiz hamda ishonchli ishlashini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, sohadagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida har oyning birinchi juma kuni “Bosh energetik hisoboti kuni” sifatida belgilab olindi.

Mas’ullarning qayd etishicha, bu kabi choralar energetika sohasidagi barcha sa’y-harakatlar, jamiyat va davlatning energetik xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, har bir korxona va boshqarma rahbarlari uchun mas’uliyatni oshiradi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA