Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bosh Assambleya G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi
15:25 / 2023-12-13

BMT Bosh Assambleyasi Isroil va Falastinning XAMAS harakati o‘rtasida harbiy harakat kechayotgan hududda zudlik bilan gumanitar maqsadda o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatda garovda ushlab turilganlarni hech qanday shartsiz ozod qilinishi ham talab qilingan, deb yozdi “RIA Novosti”.

Rezolyutsiya muhokamasida 153 mamlakat vakili ishtirok etgan. 10 davlat, jumladan AQSH, Isroil, Avstriya va Chexiya qarshi ovoz bergan, betaraf qolgan 23 davlat safida Ukraina, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Argentina, Gruziya kabi mamlakatlar bor.

Bosh Assambleya hujjatga AQSHning XAMAS hujumini qoralash bilan bog‘liq tuzatish kiritish taklifiga qarshi chiqqan.

Begunoh aholi taqdiri bilan bog‘liq mazkur og‘ir vaziyatga bag‘ishlangan rezolyutsiya BMTda Arab davlatlari guruhiga raislik qilayotgan Misr va Islom hamkorlik tashkilotiga raislik qilayotgan Mavritaniya tomonidan tayyorlangan. Mualliflar hujjat faqat gumanitar maqsadni ko‘zlashi, ushbu qarorni siyosiylashtirish kerak emasligini bir necha bor takrorlagan.

Hujjat matnida Bosh Assambleya zudlik bilan gumanitar maqsadda o‘t ochishni to‘xtatish, hech qanday shartsiz garovdagilarni ozod qilish va gumanitar yordam yetkazish, tomonlar xalqaro gumanitar huquqqa, (jumladan, oddiy aholini himoya qilish masalasida) amal qilishini ta’minlash talab qilingan.

O‘tgan juma kuni ushbu talablar bayon etilgan rezolyutsiyu Xavfsizlik Kengashida ma’qullanmagan edi. O‘shanda BAA tayyorlagan mazkur rezolyutsiya loyihasi qabul qilinishiga Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 13 nafari ovoz bergan, AQSH qarshi chiqqan, Britaniya o‘zini tiygan.

BMT Xavfsizlik Kengashidan farqli o‘laroq, Bosh Assambleyada qabul qilingan rezolyutsiya yuridik majburiyat kuchiga ega emas. Qolaversa, Bosh Assambleyada hech bir mamlakatga veto huquqi berilmagan. Falastin va Isroil o‘rtasidagi hudud talashish bilan bog‘liq mojaro ko‘p yildan buyon mintaqadagi keskinlik manbasi bo‘lib qolmoqda. Ikki tomon o‘rtasida bir necha bor qurolli to‘qnashuv yuz bergan. BMT qarori bilan 1947 yil mazkur hududda ikki davlat – Isroil va Falastin tashkil qilinishi belgilangan edi, biroq faqat Isroil davlati tashkil etildi.

Isroil va Falastinning XAMAS harakati o‘rtasida yangi to‘qnashuv 7 oktyabr kuni jonlangan.

S.Rahimov, O‘zA