Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Bor mehrimiz senga, bolajon" shiori ostida xayriya aksiyasi o‘tkazildi
22:05 / 2025-06-03

Bolalar – hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalari. Ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol shaxs sifatida voyaga yetkazish har bir davlat, oila va ota-onaning muqaddas burchidir. Yurtimizda ham farzandlar mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlik muhitida ulg‘aymoqda.

1 iyun – "Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni" munosabati bilan poytaxtimizning Mirobod tumanida "Bor mehrimiz senga, bolajon" shiori ostida ijtimoiy xayriya tadbiri – qon topshirish aksiyasi o‘tkazildi. Tadbir Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tumani bo‘limi, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi va "Qon preparatlari" ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi hamkorligida tashkil etildi.

Aksiyada "Adolat" partiyasi Siyosiy Kengashi raisi R. Mahmudova, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati T. Matibayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tuman bo‘limi rahbari D. Ahmedova hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Mirobodlik ko‘ngillilar ushbu xayriya tadbirida faol qatnashib, bemor bolalarning salomatligini tiklashga o‘z hissasini qo‘shdi. Ayniqsa, partiya faoli va tuman Kengashi raisi Toshpo‘lat Matibayevning tashabbus va sa’y-harakatlari natijasida yuzdan ortiq donor ushbu tadbirda qatnashdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga aksiyaning maqsadi, donorlikning sog‘liq uchun foydasi va bemor bolalar hayoti uchun qanchalik ahamiyatli ekani haqida tushuntirishlar berildi.

Qayd etish kerak, qon topshirish aksiyasida Ichki ishlar vazirligiga qarashli qorovul qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ham faol ishtirok etdilar.

Umidjon Qurbonov, O‘zA