1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan 2 iyundan 13 iyungacha Respublika qon quyish markazida “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi boshlandi.
“Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan aksiyada turli soha vakillari, partiya faollari, tibbiyot xodimlari hamda faol fuqarolar ishtirok etmoqda. Qon topshirish jarayoni sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilingan holda tashkil etilgan. Aksiyaning asosiy maqsadi — og‘ir xastaliklarga chalingan va qonga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yetarli miqdorda qon zaxirasi yaratishdir.

Mazkur tadbir nafaqat bolalarga yordam berish, balki jamiyatda ijtimoiy mas’uliyat va insoniylik tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Ishtirokchilarga shifokorlar tomonidan qon topshirishdan oldin va keyin tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Ularga qon berish jarayoni va uning salomatlik uchun foydali jihatlari haqida to‘liq ma’lumot berildi.

“Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida o‘tkazilayotgan beg‘araz donorlik aksiyasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tadbirda nafaqat ixtiyoriy ravishda tashrif buyurgan fuqarolar, balki huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ham faol ishtirok etmoqdalar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri