Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bor kuch, imkoniyatlar ishga solinishi kerak
10:56 / 2025-06-14

30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining “Yoshlar masalalarini o‘rganish va biznesni qo‘llab-quvvatlash” bo‘limi tashabbusi bilan “Milliy ruh, ilmiy meros, kinosan’atda mujassam” mavzusida yoshlar va kinoijodkorlar ishtirokidagi uchrashuv tashkil etildi. Unda kino sohasiga qiziquvchi yoshlar hamda partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda yoshlarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uning yoshlar ma’naviyati, madaniyati va ijodiyotini rivojlantirishdagi ahamiyati haqida tushuntirishlar berildi. Jumladan, 2024–2030 yillar mobaynida davlatchilik rivojining 3 ming yillik tarixini yorituvchi 50 ta badiiy film, 10 nafar milliy qahramonga bag‘ishlangan animatsion film va serial, shuningdek, xalqaro kinofestival va telekanallarda namoyish uchun mo‘ljallangan loyihalar yaratish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Yig‘ilishda yosh kinoijodkorlar bunday shart-sharoitlardan samarali foydalanib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalashga ko‘maklashadigan, boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning betimsol jasorati, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatini aks ettiradigan filmlar ko‘rish haqidagi orzularini amalga oshirish yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarini ishga solishlari lozimligi ta’kidlandi.

– Biz buyuk xalqimizni ulug‘lamoqchi, O‘zbekiston nomini butun dunyoga yoymoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo‘l bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini qozonishimiz mumkin. Buning uchun barchamiz bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatimizni ishga solishimiz kerak, – deydi “Qoraqalpoqfilm”davlat unitar korxonasi  badiiy rahbari Qudrat Atajanov.

Uchrashuv “Ssenariydan ekrangacha” mavzusidagi mahorat darsi bilan davom etdi. Unda kinoni tasvirga olish jarayoni, ssenariy yozish uslubi, qisqa metrajli va hujjatli filmlar yaratish, kinofestivallarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida yoshlarga amaliy maslahatlar berildi.

Uchrashuv yakunida faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi hamda yosh ijodkorlarning chiqishlari tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri