French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boqiy va foniy dunyo aks etgan madrasa
19:16 / 2020-05-14

Abdulazizxon madrasasi – Buxorodagi meʼmoriy yodgorliklardan biri.


Abdulazizxon madrasasi – Buxorodagi meʼmoriy yodgorliklardan biri.

Madrasa Buxoroda koʻpgina muhtasham binolar qurdirgan, ashtarxoniylarning beshinchi vakili Abdulazizxonning buyrugʻi bilan meʼmor Mimxoqon ibn Xoʻja Muhammadamin tomonidan 1652-yilda qurilgan. Ushbu madrasa Buxorodagi Ulugʻbek madrasasi qarshisida qurilgan boʻlib, oʻrta asrlarning soʻnggi bosqichiga mansub.

Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Katta peshtoq nafis va nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islomiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman moviy rang boʻyoqlar bilan chizilgan naqshlar bilan bezatilgan. Gumbaz shipining ganchli muqarnaslari orasida islomiy naqshlar va zarhal bezagi bor.

Bugungi kunda madrasa hovlisida sayyohlar uchun milliy musiqa va folklor tomoshalari koʻrsatiladi. Shimoliy-sharqiy burchagidagi miyonsaroyda Buxoro yogʻoch oʻymakorligi namunalaridan iborat koʻrgazma tashkil etilgan. Shuningdek, 1997-yil Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha meʼmoriy inshootlar qatorida Abdulazizxon madrasasi ham qayta taʼmirdan chiqib, YUNESKO tashkilotining Butun jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan.

Xususan, XVII asrda Buxoro mahobatli meʼmorchiligining yetuk namunasi sanalgan mazkur meʼmoriy obidaning barpo etilishi toʻgʻrisida tarix zarvaraqlarida bitilishicha, Abdulazizxon oltinchi marotaba muborak Makkayu Madinaga ziyoratga joʻnagan payti safar chogʻi, tunda uning tushiga nuroniy bir chol kiradi. Oʻshanda ushbu nuroniy chol Abdulazizxonga: “Sen safardan qaytganingdan keyin oʻz vataningda shunday bir meʼmoriy obida qurdirginki, bu obida yurtingdagi boshqa obidalarga sira ham oʻxshamasin. Qurdiradigan meʼmoriy obidangda esa boqiy va foniy dunyo oʻz ifodasini topsin. Asrlar osha xalq undan bahramand boʻlib, seni yodga olsin”, – debdi.

Abdulazizxon safardan qaytganidan keyin Buxorodagi barcha koʻzga koʻringan ustalarni chaqirib, meʼmoriy obidani qurishlarini va mazkur obidaning devorlaridagi bejirim bezaklar bir-biridan farq qilishi kerakligini, shu bilan birgalikda, devorlardan birida oʻzining siymosi ham aks ettirilishini aytibdi hamda: – Aytgan shartlarim oʻz vaqtida bajarilsin, – deya taʼkidlabdi.

Biroq, oʻsha davrda odam suratini chizish taʼqiqlanganiga qaramay, usta meʼmorlar bor mahoratlarini ishga solib, Abdulazizxon aytgan madrasani qurishga kirishibdi. Betakror meʼmoriy obida asta-sekinlik bilan yerdan qad koʻtara boshlabdi. Oradan bir necha vaqt oʻtgandan soʻng meʼmoriy obidaning maʼlum bir qismi qurib bitkazilibdi. Abdulazizxon oʻzi qurdirayotgan obidaning bir qismi qad rostlaganini eshitib, u yerga tashrif buyuribdi. Ustalar madrasani Abdulazizxon aytganidan ham ziyoda qilib qurishgan ekan. Abdulazizxon madrasaga kirib, ustalarning ishini koʻzdan kechirar ekan, oʻng tomonda joylashgan xonaqoh tomonga yuribdi. 

U xonaqoh devorlaridagi suratlarni diqqat bilan tomosha qilibdi. Bunda, xonaqohning janubiy devoriga ilon va chayonlar surati ishlangan boʻlib, bu foniy dunyoning mashaqqatlari haqida maʼlumot bergan. Shimoliy qismida tasvirlangan chizgilar esa bu foniy dunyoning azob-uqubatlariga bardosh beradigan insonlarga boqiy dunyoda jannat eshiklari ochiqligidan dalolat berishi nazarda tutilgan. Xonaqohning gʻarbiy devoriga ishlangan ikkita ayiq surati esa mansab va boylik kishilarni sinab koʻrish uchun berilishini anglatsa, devorning sharqiy qismida boylik va mansabga berilib, yaratganni unutmaslik haqidagi oyatlar bitilganligining guvohiga aylanibdi.

Abdulazizxon ustalarning mahoratini koʻrib, bir tomondan juda quvongan boʻlsa, boshqa tomondan esa oʻzining surati ishlanmaganligidan jahli ham chiqibdi va meʼmorga qarab:

– Nega mening suratimni chizmading, endi seni jazolayinmi? – deb yuzlanganida, meʼmor Abdulazizxonni xonaqoh eshigidan tashqariga olib chiqibdi va devorning gʻarbiy qismida chizilgan mehrob ichidagi bir dasta gul tasviriga diqqat bilan qarashni soʻrabdi. Shunda qarasaki, bir dasta gulda uning rasmi gavdalanib turganini koʻrib hayratlanibdi. Abdulazizxon yana bir karra mohir ustalarning yuksak mahorati va zukkoligiga qoyil qolibdi.

Shundan soʻng, Abdulazizxon toju-taxtdan butunlay voz kechib, toat-ibodatga berilibdi. U podshohlikdan voz kechgandan keyin madrasaning qolgan qismi bitkazilmay qolib ketgan. Ammo, shunday boʻlsada, ushbu madrasa Buxoroning koʻrkiga-koʻrk qoʻshib, hozirga qadar qad rostlab, oʻzining qadimiy va betakror qiyofasini saqlab turibdi.

Mazkur madrasani tomosha qilishga kelgan kishi bu dunyodagi boqiy hayotning mohiyatini turfa chizgilarda ifodalagan usta meʼmorlarning zakovati va mahoratiga tan bermay, qolmaydi.

Dilnoza KOMILOVA,
Buxoro viloyati Turizmni
rivojlantirish departamenti
Axborot xizmati rahbari