Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab buyuk davlat arboblari Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmalarida ham bo‘lib o‘tdi.
Unda buyuk mutafakkirlar ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida so‘z yuritildi. Ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning boy ijodiy merosi bilan birga ularning shaxs sifatida jamiyatda tutgan o‘rni, har birimiz uchun ibrat namunasi bo‘la oladigan umr yo‘li haqida ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur bobolarimiz nafaqat ma’naviy boy, balki moddiy jihatdan ham juda badavlat inson bo‘lgan. Ular barcha boyliklarini ilm-ma’rifat, ta’lim yo‘lida sarf qilganlar. Alisher Navoiy odamlarning dardi, tashvishi bilan yashagan olijanob zot ham edi. Insonlarga yaxshilik qilish, ularning ko‘nglini ko‘tarish Ka’baning nuragan joyini obod qilish bilan tengdir degan g‘oyani ilgari surgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning esa Vatanga bo‘lgan muhabbatini oddiy so‘z bilan ta’riflash imkonsiz. Bu ikki zotning ijodini, hayot yo‘lini, qoldirgan boqiy ma’naviy merosini o‘rganish – burchimiz. Ularni anglash millat ongu-tafakkuri yuksalishiga xizmat qiladi.
Tadbir davomida kitobxonlar uchun badiiy adabiyot va sohaga oid kitoblarning yarmarkasi ham tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA